2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Energetika sohasida xalqaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
  • 23.07.2025
  • 25

Bugun Toshkent shahrida «Elektr energetikasi rivojida xalqaro moliya institutlari va mahalliy korxonalar hamkorligi» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) kabi xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mahalliy va xorijiy yirik kompaniyalar vakillari ham faol qatnashdi. 

Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov, energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda energetika sohasini rivojlantirish, xususan elektr energetika tarmog‘ini takomillashtirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Qayd etilganidek, sohada yirik investitsion loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur xalqaro anjuman doirasida davlat organlari, moliya institutlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, elektr energetikasi sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari muhokama qilindi. 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Feruz Qurbonov aytib o‘tganidek, , Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan strategik vazifalar va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 51 foizga yetkazish maqsad qilingan. 2024 yilda 3,5 gigavatt quvvatga ega qayta tiklanuvchi manbalar asosidagi yangi inshootlar ishga tushirilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 5 gigavattga yaqin quvvatdagi ob’ektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu sohani rivojlantirishda faqat moliyaviy resurslar emas, balki amaliy va texnologik yondashuvlar ham juda muhim hisoblanadi. Xususan, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yirik loyihalarni amalga oshirish, ularning yechim va imkoniyatlaridan foydalanish energetika salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Anjumanning asosiy maqsadlaridan biri – 2030 yilgacha talab etiladigan 4,1 milliard AQSH dollari miqdoridagi investitsiyalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan muhokama qilish, ularning imkoniyatlarini o‘rganish va mahalliy pudratchi korxonalar ishtirokini kengaytirgan holda moliyaviy manbalarni jalb etishdan iboratdir. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Zafar” va “Fayziobod” podstansiyalarini zamonaviy va tejamkor inshootlar sifatida barpo etish rejalashtirilgan. Mazkur tadbirda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda mazkur loyihalarni amalga oshirish ishlariga start berildi, – dedi F.Qurbonov. 

Osiyo taraqqiyot banki vakili ma’lum qilganidek, ushbu moliyaviy tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan natijaga asoslangan kreditlash (RBL) dasturlari doirasida energetika sohasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ushbu moliyalashtirish mexanizmi davlatga tegishli dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, natijadorlikni oshirish va hisobdorlikni mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, energetikadan tashqari ta’lim, suv xo‘jaligi, shaharsozlik va sog‘liqni saqlash sohalarini ham qamrab olmoqda. 

Bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ balansida 51 780,1 MVA to‘la quvvatga ega 35-110-220 va 500 kV kuchlanishli 1583 ta podstansiya hamda 37 211,4 km. uzunlikdagi 35-110-220 va 500 kV kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud. Jamiyat markaziy apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda jami 7900 nafardan ziyod mutaxassis-xodim faoliyat olib bormoqda. 

– O‘zbekistonda energetika sohasini isloh qilish va modernizatsiya qilish borasida jiddiy qadamlar qo‘yilmoqda. Biz xorijiy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz, – dedi tadbir ishtirokchisi Adham Akramxo‘jayev. 

Anjuman yakunida ishtirokchilar mamlakatimiz energetika barqarorligini ta’minlashda investitsiya jozibadorligini oshirish, mahalliy va xorijiy korxonalar hamkorligini mustahkamlashga kelishib oldi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati