2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
D.A.Isaqulov: «Joriy yil yakuniga borib mamlakatimizda umumiy quvvati 7,0 GVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish kutilmoqda»
  • 24.07.2025
  • 113

 

 

Assalomu alaykum, hurmatli tadbir qatnashchilari!

Bugungi kunda respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha ulkan ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida joriy yil yakuniga borib mamlakatimizda umumiy quvvati 7,0 GVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish kutilmoqda.

2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvati 25,4 GVtga yetkazish rejalashtirilgan.

Yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishish va yangi elektr stansiyalarini energetika tizimiga samarali tarzda integratsiya qilish hamda elektr energiyasi taʼminoti sifatini oshirish uchun uchun magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni rivojlantirish talab etiladi.

Hozirda «O‘zbekiston MET» AJ tarkibida 14 ta hududiy magistral elektr tarmoqlari, markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Aksiyadorlik jamiyati balansida 51 780,1 MVA to‘la quvvatga ega 35–110–220 va 500 kV kuchlanishli 1583 ta podstansiya hamda 37211,4 km uzunlikdagi 35–110–220 va 500 kV kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasining 844-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-iyundan boshlab, 35-110 kV kuchlanishli 1 842 ta podstansiya va 29 124 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari “O‘zbekiston MET” AJga o‘tkazildi.

2025-yilda davlat kafolati ostidagi xorijiy kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan 7 ta loyiha doirasida jami 251,3 mln dollar o‘zlashtirish belgilangan.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari jadal rivojlanishi natijasida kredit mablag‘larini o‘zlashtirish darajasi 2025 yilga kelib, 2021 yilga nisbatan qariyb 5 barobarga oshirishga erishilgan.

2030 yilga qadar magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarini rivojlantirish hamda yangi elektr stansiyalarini energetika tizimiga integratsiya qilish maqsadida umumiy qiymati 4,1 mlrd dollarni tashkil etuvchi 119 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchi va quruvchi kompaniyalarning bugungi kundagi salohiyatini inobatga olgan holda, ushbu loyihalar doirasida ularning ishtirokini oshirish maqsabga muvofiq hisoblanadi.

Toshkent shahrida joylashgan 220 kVli “Zafar” podstansiyasi 1984 yilda va “Fayzobod” podstansiyasi 1993 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bugungi kundagi talabdan kelib chiqqan holda ushbu podstansiyalar modernizatsiya va quvvatini oshirish talab etiladi.

Shu maqsadda ushbu podstansiyalar modernizatsiya dasturiga kiritilgan va zamonaviy yangi texnologiyalar asosida elekgazli yopiq taqsimlash qurilmalari (KRUE) o‘rnatish rejalashtirilgan. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun xalqaro tender savdolari natijalariga ko‘ra Xitoyning “Shandong Electrical Engineering & Equipment Group Co., Ltd.” kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bugun sizlar bilan birgalikda ushbu ishlarga start berish rejalashtirilgan.

Dadajon Isaqulov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi