2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Tarmoq ilmiy-texnik kengashi
SHAMOLNI HAM TIZGINLAGAN NURCHILAR
  • 30.07.2025
  • 35

Hamkorlarimiz davrasida

Hayot yo‘llaridagi hamrohlaring fikrda, faoliyatda o‘zingga teng yoki sendan ko‘ra bilim, tajriba doirasi ko‘proq bo‘lsa, yutug‘ing. Chunki o‘zaro uchrashuv, suhbatlarda fikriy ozuqa olasan. Shu maʼnoda “Saodat” jurnalining hamkori hisoblangan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati vakillari taklif etgan yig‘inlarga oshiqib boramiz.

– Jamiyatimiz boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov tizimimizdagi yoshlar bilan uchrashmoqchi. O‘ylaymizki, bu uchrashuv siz uchun ham qiziqarli bo‘ladi, – navbatdagi shu tarzdagi taklifdan so‘ng biz – bir guruh jurnal xodimlari Aksiyadorlik jamiyatning majlislar zaliga belgilangan vaqtda yetib bordik. Chunki hayotimizning nurli bir jabhasiga yetakchilik qilayotgan bu insonning so‘zlarini avval ham eshitganmiz. Ochiq chehrasi, xodimlari bilan samimiy munosabati, o‘z sohasini chuqur bilishi, kasbiga sadoqati bilan hurmatimizni qozongan. Zalda birorta bo‘sh o‘rin yo‘q: deyarli hammasi – yoshlar.

So‘z avvalida Dadajon Aynaqulovich o‘zi rahbarlik qilayotgan tizimdagi yangiliklar, jamiyatda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil hikoya qildi.

– Mamlakatimizda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning tobora oshib borayotgani bois qo‘shimcha manbalar – quyosh va shamol energiyasidan foydalanayotganimiz sizlarga maʼlum. Lekin biz tabiatni maʼlum maʼnoda tizginlayotganimiz bilan uning o‘z yashash tarzi bor. Quyosh kunning maʼlum vaqtlarida botadi. Shamolning ham yo‘llari, shiddatli va sokin paytlari bo‘ladi. Shu maʼnoda biz yana va yana sizlarning aql-u zakovatingizdan umid qilamiz. Texnika sohasida siz egallayotgan bilimlar, siz uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar ishonamizki, yangi kashfiyotlarga yo‘l ochadi.

Tashkilot rahbari maʼruzasini shunday ko‘tarinki ruhda yakunlar ekan, savol-javoblarga navbat berildi. Maʼlum bo‘lishicha, ishtirokchilarning aksariyati nurchilar sulolasining bugungi avlodiga mansub yoshlar ekan. Yaʼni ularning bobolari, otalari, baʼzilarining onalari ham shu tizimda mehnat qilgan va estafetani farzandi, nabirasiga topshirgan.

Rahbar yigit-qizlarning dadil, aniq savollariga javob berar ekan:

– Maqsadingizdagi marralarga yetish uchun bilim, tajriba, albatta, kerak. Lekin kasbingizning piri, ustasi bo‘lishga intilishingiz siz uchun asosiy maqsad bo‘lishi zarur. Mana men uzoq yillardan buyon shu tizimda ishlar ekanman, sizlarning mohir ota-bobolaringizdan tashqari, ish joyimizni pokiza tutadigan, o‘z vazifasini vijdonan ado etadigan farroshlar, qo‘riqlash xizmati xodimlarining ham alohida mehnatlarini tilga olishim mumkin. Siz ham o‘z kasbingizga sodiq bo‘lsangiz shunday qadr topasiz, – degan ibratli fikrlari yoshlar ko‘nglidan joy oldi.

Biz baland ruhda o‘tgan anjuman yakunida sheʼrlarimizdan o‘qidik. Hamkor sifatidagi doimiy eʼtiborlari uchun minnatdorlik bildirdik. Ular orasidagi yosh do‘stlarimizning chaqnoq ko‘zlarida kelajak yo‘llarini yorituvchi nur, yog‘du ko‘rib suyundik. Zamonlar o‘tadi. Taraqqiyot yangi kashfiyotlarga yo‘l ochadi. Insoniyat uchun manfaatli barcha yaratiqlardan faxrlanamiz. Ammo biz uchun o‘zaro muloqotlardagi samimiylik, kamtarlik boshqa barcha hissiyotlardan aziz va qadrli bo‘lib qolaveradi.

 

Feruza Oripova

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati