2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Energetika tizimining moliya-iqtisod yo‘nalishi mutaxassislari Qozog‘istonda malaka oshirdi
  • 12.08.2025
  • 7

Mamlakatimiz energetika tizimida mutaxassislar malakasi va bilimlarini oshirish yo‘lida xalqaro hamkorlik izchil kengaymoqda. Bu jarayon doirasida moliya-iqtisod yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kadrlar uchun xorijiy davlatlarda ilg‘or tajribalar hamda zamonaviy bilimlarga asoslangan o‘quv-seminar va treninglar tashkil etilayotir.

Ushbu tashabbuslar sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va energetika tarmog‘ining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Bugun Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan navbatdagi haftalik o‘quv-seminar yakunlandi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xodimi Parda Xidirov mazkur tadbir haqida quyidagilarni ma’lum qildi:

– Qozog‘istondagi treninglarda biz moliya-iqtisod sohasidagi ilg‘or menejment usullari, energiya samaradorligini oshirish strategiyalari hamda xalqaro hisobot standartlarini chuqur o‘rgandik. Bu yerda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali mamlakatimizda qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi yechimlar va tajribalarni o‘zlashtirdik.

Shuningdek, turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan fikr almashish va qo‘shma loyihalar imkoniyatlarini muhokama qilish imkoniyati ham yaratildi. Bu kelgusida energetika sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.

Energetika tizimi korxonalarida faoliyat yuritayotgan moliya-iqtisod yo‘nalishidagi mutaxassislar uchun ilk malaka oshirish kurslari Ozarbayjon Respublikasida “PricewaterhouseCoopers” kompaniyasi tomonidan o‘quv-seminar dasturlari asosida tashkil etilgan edi.

Bu galgi o‘quv-treninglarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 5 nafar  xodimi qatnashdi. Shu bilan birga, soha faoliyatini, bilim va ko‘nikmalarni targ‘ib qilish va yosh avlodda to‘g‘ri iste’mol madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkilotimiz mutaxassislari turli o‘quv muassasalarida mahorat darslarini tashkil etayapti. Bu darslarda energetika sohasidagi islohotlar, erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar haqida ma’lumotlar beriladi.

Ahamiyatlisi shundaki, jamiyatning rasmiy veb-saytida “Tarmoq ilmiy-texnik kengashi” nomli maxsus rukn faoliyat yuritib, unda sohadagi yangiliklar va xabarlar muntazam e’lon qilib boriladi.

O‘ylaymanki, mazkur o‘quv haftaligi yo‘nalishimiz bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish va ularni amaliyotga tatbiq etishda muhim omil bo‘ladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati