2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energetika tarmog‘ini yaxshilash bo‘yicha to‘rtta yirik loyiha amalga oshiriladi
  • 19.08.2025
  • 21

Joriy yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev Qobul shahrida Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul Gʻani Barodar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda shuningdek, O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ul xodimlari, Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulla Badriy, Energetika va suv xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul Latif Mansur, Davlat korporatsiyalari tashkiloti bosh direktori Ahmad Jan Ahmadiy, DABS kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yilning 3-iyul kuni Ozarbayjon Respublikasining Xonkendi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mulla Abdul Gʻani Barodar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv alohida ahamiyat kasb etgani qayd etildi. Mazkur muloqotda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgani, bu esa, o‘z navbatida, munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishi hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston – Afg‘oniston energetika kompaniyalari o‘rtasida to‘rtta yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Xususan: 

1. 500 kVli “Surxon–Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini 200,6 km masofada qurish va “Xo‘ja-Alvon” podstansiyasini kengaytirish;

2. “Arg‘anda” podstansiyasini 500/220 kVgacha kengaytirish va quvvatini 800 MVAgacha oshirish;

3. “Butxak” (Qobul) podstansiyasidan “Shayx Misri” (Nangarxar) podstansiyasigacha 125 km uzunlikdagi 220 kVli yangi ikki zanjirli elektr uzatish tarmog‘ini qurish;

4. “Shayx Misri” (Nangarxar) 220 kVli podstansiyasini 2x25 MVA va 2x40 MVA quvvatda qurish.

Tomonlar ushbu loyihalarning qurilish ishlarini joriy yilning 6-7-sentyabr kunlari Kobul shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro energetika konferensiyasi doirasida boshlashga kelishib oldilar. 

Loyihalar 2027-yilning birinchi choragiga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energetika sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Loyiha doirasidagi barcha jarayonlar yuqori sifatda va o‘z vaqtida amalga oshirilishi hamda qurilish ishlarida mahalliy resurslardan maksimal darajada foydalanilishi ta’kidlandi. Shuningdek, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hisob-kitob tizimlarini raqamlashtirish va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirish bildirildi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/17407

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati