Mamlakatimizda energetika tizimini modernizatsiya qilish, yangi quvvatlarni yaratish va “yashil energiya” manbalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda iqtisodiy o‘sish sur’atlari va aholining ortib borayotgan ehtiyojlari barqaror va uzluksiz elektr ta’minotini talab etadi.
So‘nggi kunlarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan qator yirik investitsiya loyihalari qatorida mavjud podstansiyalarning quvvatini oshirishga qaratilgan modernizatsiya-rekonstruksiya hamda ularning barqaror faoliyati uchun zarur ta’mirlash-sozlash ishlari olib borilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining maslahatchisi - axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov bilan suhbatimiz shu mavzu xususida bo‘ldi.
– Suhbatimiz avvalida energetika sohasida, xususan, elektr energetika tarmog‘idagi yangiliklar, ijobiy o‘zgarishlar, yechimini kutayotgan muammolar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Bugungi kunda respublikamiz energetika sohasi, shu jumladan, elektr energetika tarmog‘ida bundan qariyb 8 yil oldin boshlangan ulkan islohotlar qizg‘in davom etmoqda. O‘nlab investitsion loyihalarning iqtisodiyotimizdagi samarasi evaziga energiya resurslarini ishlab chiqarish, yetkazib berish/uzatish hamda taqsimlash quvvatlari qamrovi kengayib bordi.
Birgina misol, yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ulkan ishlar natijasida joriy yil yakuniga borib mamlakatimizda umumiy quvvati 7,0 GVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishga tushirish kutilmoqda. 2030 yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvati 25,4 GVtga yetkazish rejalashtirilgan.
Amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarning ekologik muhitga salbiy ta’siri kamayib borayotgani xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda. Investitsiya loyihalari ortidan dunyo tajribasi, raqamli texnologiyalarning sohaga kirib kelishi biz uchun muhim tajriba bo‘layotgani rost. So‘nggi yillarda generatsiya quvvatlariga yoqilg‘i yetishmasligi bilan bog‘liq mavjud muammoga to‘liq barham berilgani tahsinga loyiq natija bo‘ldi. Umumiy generatsiya tarkibida “yashil manbalar” salmog‘i 20 foizga yetib, bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 50 foizdan oshishi uchun tashlangan qadamlar sohadagi ulkan yutuq, islohotlar samarasi, deb bilaman. Ammo hali qilinadigan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Uzatish va taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish, mavjudlarini yangilash, zamonaviy ishlanmalar hisobiga kam resurs sarflab, yuqori natijaga erishish lozim. Bundan tashqari, o‘sib kelayotgan yosh kadrlar bilim-salohiyatini yuksaltirish, ularning bazaviy bilimlarini ham nazariy, ham amaliy ko‘nikmalar bilan boyitib borish, buning uchun o‘ziga xos o‘quv-amaliyot poligonlari hamda texnik laboratoriyalar kerak.
– Endi bevosita o‘zingiz mehnat faoliyati olib borayotgan yuqori kuchlanishli podstansiya va magistral elektr tarmoqlarida qanday imkoniyatlar yaratilmoqda?
– Joriy yil birinchi yarim yilligi yakuniga qadar “O‘zbekiston MET” AJ tarkibida 220 va 500 kV kuchlanishli 91 ta podstansiya hamda 12858,7 kilometr uzunlikdagi 220 va 500 kV kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud edi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 iyundan boshlab, 35-110 kV kuchlanishli 1 492 ta podstansiya va 24 385,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyalari tashkilotimiz balansiga o‘tkazildi.
Bugungi kunda Aksiyadorlik jamiyati balansida 51 780,1 MVA to‘la quvvatga ega 35-110-220 va 500 kV kuchlanishli 1583 ta podstansiya hamda 37211,4 kilometr uzunlikdagi magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati va tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda jami bo‘lib 7900 nafardan ziyod mutaxassis-xodim mehnat faoliyati olib bormoqda.
Bu kabi o‘zgarishlar nafaqat imkoniyatlarni kengaytiradi, balki mas’uliyatni ham oshiradi.
– “O‘zbekiston MET” AJ balansiga qabul qilingan energetika ob’ektlari, ularning texnik holati va mavsumga tayyorgarlik ishlari qanday tashkil etilyapti?
– Turdosh tashkilot – “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatidan qabul qilingan podstansiyalarning texnik-muhandislik holatidan kelib chiqqan holda, mutaxassislarimiz shartli ravishda, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratishdi hamda ayni kunlarda birinchi galdagi tezkor vazifalar amalga oshirilmoqda. Ya’ni, “qizil toifadagi” jismonan eskirgan 187 ta podstansiyasida foydalanish muddatini allaqachonlar o‘tab bo‘lgan eski rusumdagi elektr jihozi va uskunalari yangisiga almashtirilmoqda.
Yillar davomida o‘ta yuklama bilan ishlab kelgan podstansiyalar va ularga kiruvchi-chiquvchi tarmoqlarda modernizatsiya-rekonstruksiya va demontaj-montaj ishlari olib borilmoqda. Aniqrog‘i, kam quvvatli transformatorlar o‘rniga yuqori quvvatlilari o‘rnatilib, liniyalar joriy va mukammal ta’mirlanyapti.
Shuningdek, “sariq toifa”dagi 1115 ta podstansiyada ta’mirlash-sozlash ishlari olib borilmoqda. “Yashil” toifadagi 190 ta podstansiyaning texnik imkoniyatlari tahlil qilinib, ularning quvvatini oshirish iste’mol hajmining oshib borishiga qarab istiqboldagi rejalarga kiritilgan.
– Aynan nega bunday rang toifalariga ajratilganini izohlab bera olasizmi?
– Albatta. Eng avval podstansiyada mavjud transformatorlarning yuklamasi, ulardagi yog‘ hajmi va tarkibi, himoya tizimining sozligi, ochiq va yopiq taqsimlash qurilmalaridagi jihozlarning texnik holati, zaruriyatga ko‘ra (dispetcher buyrug‘iga binoan) o‘chirib-yoqish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli nosozliklar, qolaversa, podstansiyalarning atrofi o‘ralganligi (xavfsizlik talabi), ma’muriy va dispetcherlik binolarining ekspluatatsiyaga yaroqliligi, akkumulyator zaxirasi, navbatchi mutaxassislar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari va boshqa o‘nlab shunday ko‘rsatkichlar e’tiborga olingan.
Mutaxassislar tomonidan 0,4 - 6, 10 kV kuchlanishli elektr hisoblagichlar hamda tok transformatorlari, 6 va 10 kV kuchlanishli transformatorlar, 35 va 110 kV kuchlanishli turli quvvatdagi kuch transformatorlari xarid qilinib, texnik-muhandislik talablari me’yoriy holatga keltirilmoqda.
Qisqa qilib aytganda, eskirgan uskunalar ko‘p, ularni bosqichma-bosqich yangilab-ta’mirlab, 2025/2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorlayapmiz.
– Ijtimoiy tarmoq sahifalarida juda ko‘p bor tanqid qilingan “Sag‘bon” va “Qizg‘aldoq” podstansiyalaridagi muammolar qanday yechim topmoqda?
– Bu masalaga Tizim xizmatlari bosh boshqarmasining rasmiy izohi veb-saytimiz sahifalarida e’lon qilindi. Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Ko‘k saroy” MFY hududidagi iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlaydigan 35/10 kV kuchlanishli “Bog‘zor” podstansiyasi 1976 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, mazkur energetika ob’ektini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 35 kV kuchlanishli “Bog‘zor-1” va “Bog‘zor-2” elektr uzatish tarmoqlari 110/35/6 kV kuchlanishli “Sog‘bon” podstansiyasidan chiquvchi liniya hisoblanadi.
“Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filiali balansidagi “Sag‘bon” podstansiyasi 2025 yil boshidan buyon modernizatsiya va rekonstruksiya qilinayotgani sababli, 2 ta liniya ham vaqtincha podstansiyaning bitta T-2 transformatoriga ulanib qolgan. “Bog‘zor-1” va “Bog‘zor-2” elektr uzatish tarmoqlari uzoq yillardan buyon ekspluatatsiyada ekani va texnik-muhandislik talablariga nisbatan eskirgani (foydalanish muddatini o‘tab bo‘lganligi) sababli joriy yil boshidan ushbu tarmoqda bir necha bor qisqa tutashuvlar sodir bo‘ldi. Natijada ushbu tarmoqqa ulangan iste’molchilar elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.
Bundan tashqari, ushbu hududda aholi va ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar keskin ko‘paygani tufayli elektr energiyasi iste’mol hajmi oshib borgan. Aynan shu muammoni ijobiy hal etish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ buyurtmasiga binoan 110/35/10 kV kuchlanishli “Qizg‘aldoq” podstansiyasida qurilish-montaj ishlari olib borilgan. Endi bu ishlar bizning tashkilot mutaxassislari tomonidan davom ettirilmoqda.
Xullas, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar mazkur hududdagi elektr iste’mol hajmining oshishiga muvofiq tarzda yillar davomida hal etilmagan muammolarni bartaraf etish va 2025/2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bajarilmoqda.
Bugungi kunda energetika tizim tashkilotlari tomonidan elektr ta’minoti barqarorligi uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan. Xususan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati balansidagi energetika ob’ektlari generatsiya jarayonida hosil bo‘lgan elektr energiyasini taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish bo‘yicha 24/7 rejimida ish tashkil qilingan.
Yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning soni va ko‘lami kamayib borishiga erishyapmiz. Nasib etsa, mamlakatimiz iqtisodiyotiga poydevor bo‘layotgan energetika tizimida tom ma’nodagi barqarorlikka erishamiz.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati