2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Mustaqillik – betakror va beqiyos qadriyat
  • 31.08.2025
  • 22

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Tarixiy sanalar millatlar taqdiri va avlodlar xotirasida abadiy saqlanadigan ulug‘ qimmatlardir. Shular qatorida, mustaqillik xalqimiz uchun muqaddas, betakror va beqiyos qadriyat sifatida jonajon Vatanimiz tarixida alohida o‘rin egallaydi. Bu bayram har yili yurtimizda yuksak g‘urur va iftixor, quvonch va shukronalik tuyg‘ulari bilan nishonlanadi.

Istiqlol - erkinlik va ozodlik timsoli, tinchlik va farovonlik ramzi, yurtimizning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yganini anglatuvchi ulug‘ sana hisoblanadi.

Bayram - xalqimiz quvonchi

Bugun ko‘p millatli xalqimiz Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik qutlug‘ bayramini nishonlamoqda. Bu sana nafaqat mustaqil davlatimiz tarixi, balki yurtimizning ravnaqli kelajagi uchun ham katta maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyatga ega.

Azal-azaldan mehnatsevarligi, obodonchilik va bunyodkorlik fazilatlari bilan shuhrat qozongan xalqimiz bu ulug‘ bayramni munosib mehnat zafarlari, yuksak yutuq va g‘alabalar bilan qarshi olmoqda. Mamlakatimiz hududlarida zamonaviy korxonalar, uy-joylar, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport inshootlari, ravon yo‘l va ko‘priklar, bog‘-rog‘ hamda xiyobonlar barpo etilmoqda.

Energetikada islohotlar samarasi

Ayniqsa, energetika sohasi, xususan, elektr energetika tarmog‘ida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Turmush farovonligi va demografik o‘sish surʼatlari ortib borar ekan, aholini barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash, isteʼmolchilar ehtiyojini to‘liq qondirish - energetiklar zimmasidagi eng muhim vazifalardan hisoblanadi.

Xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish, hayot sifati va farovonligini yana-da yaxshilashga qaratilgan yirik loyihalarning izchil amalga oshirilayotgani esa energetika tarmog‘i jamoasining oliy maqsadi va burchidir.

Yangi marralar sari

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mustaqillik yillarida qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar biz uchun yangi marralar sari yetaklovchi kuch. Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasi barcha sohalarda, jumladan, energetika tarmog‘ida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Istiqlol tuhfalarini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga munosib meros qoldirish esa har birimizning muqaddas burchimizdir.

Shu ulug‘ ayyomda o‘zim va ko‘psonli jamoamiz nomidan barchangizni istiqlolimizning 34 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz omon bo‘lsin. Kasbimizdan fayz-baraka, oilalarimizdan baxt-saodat arimasin. Kelajak avlodlar uchun Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib hissa qo‘shaylik!

Dadajon Isaqulov,

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ

boshqaruvi raisi.

O‘zA.