Ishchi tartibdagi masalalarga bag‘ishlangan dastlabki yig‘ilishda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan energetika tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etishdi. Rossiya Federatsiyasining energetika tashkilotlari vakillari esa tadbirda kuzatuvchi sifatida qatnashdi.
Qirg‘iz Respublikasining “Milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi mezbonlik qilayotgan mazkur tadbirda 2025/2026 yil kuz-qish mavsumida Markaziy Osiyo elektr energetika halqa tizimida elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, kaskadli o‘chishlarning oldini olish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tarmoqqa ulash va ularni samarali ekspluatatsiya qilish yo‘llari, 2025 yil vegetatsiya davri yakunlari hamda 2026 yil mavsumida suv resurslaridan oqilona foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tadbirning birinchi kunida Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 46-yig‘ilishi ham o‘z ishini boshladi. Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Yig‘ilishda "O‘zbekiston MET" AJ Tizim xizmatlari bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Jo‘rayev qayd etganidek, mazkur muloqot mintaqadagi davlatlar uchun faqat texnik yoki sohaviy masalalarni hal etish maydoni bo‘lib qolmasdan, balki strategik hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatini ham yaratadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va tajriba almashish natijasida umumiy energetik xavfsizlikni ta’minlash, barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, xalqaro tadbir bugun ham o‘z ishini davom ettiradi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari elektr energetika kompaniyalari hamda milliy dispetcherlik markazlari rahbarlari navbatdagi yig‘ilish dasturi doirasidagi masalalarni muhokama qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati