2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Markaziy Osiyo elektr energetika muvofiqlashtiruvchi kengashining 44-yig‘ilishi o‘tkazildi
  • 06.09.2025
  • 15

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib, mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim omilga aylanmoqda.

Mintaqadagi elektr energetika tizimini samarali boshqarish, turdosh tarmoqlarni birlashtirish hamda elektr energiyasi ta’minotida barqarorlikni ta’minlash maqsadida muntazam uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 4-5 sentyabr kunlari Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida Markaziy Osiyo elektr energetika muvofiqlashtiruvchi kengashining 44-yig‘ilishi hamda muvofiqlashtiruvchi komissiyasining 46-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan energetika tashkilotlari mas’ullari, mutaxassislar ishtirok etdi. Rossiya Federatsiyasining energetika tashkilotlari vakillari esa tadbirda kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Tadbirda energetika xavfsizligini ta’minlash, yagona elektr bozorini shakllantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va transchegaraviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar va ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, elektr energetika tarmog‘idagi yangilanishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida ma’lumot berdi.  

Uning ta’kidlashicha, yangi elektr stansiyalarni qurish, mavjud quvvatlarni rekonstruksiya qilish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish ishlari nafaqat milliy tizim, balki butun Markaziy Osiyoda barqarorlikka xizmat qiladi. Shu bilan birga, u mintaqadagi davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga tayyorligini bildirdi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, Cho‘lpon-Otada o‘tgan mazkur yig‘ilish Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika sohasidagi hamjihatligini kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.  

Mintaqaviy energetika tizimini rivojlantirish va umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish kelgusi davrda barqaror taraqqiyotning asosiy omili bo‘lib qolishi aniq.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati