Yosh muhandislarning malakasini oshirish va sohadagi muammolarga amaliy yechim topish maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida turli formatda uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Bu jarayon yosh kadrlarning nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash hamda ularning fikrlarini eshitish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.
Shunga asosan jamiyat boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulovning navbatdagi “Rahbar va yoshlar” formatdagi uchrashuvi Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning yosh muhandislari ishtirok etgan ushbu uchrashuvda mamlakatimizda elektr energetika tarmog‘ining generatsiya quvvatlari, magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarga oid modernizatsiya-rekonstruksiya loyihalari, qurilish-montaj hamda ta’mirlash-sozlash ishlari, taqsimlovchi tarmoqlardagi muammolar va ularning yechimlari muhokama etildi.
Shuningdek, aktiv va reaktiv quvvat, dispetcherlik markazlarining faoliyati, fizika va mexanika fanlari, sohaviy adabiyotlar, malaka oshirish kurslari, qayta tayyorlov markazlari hamda xorijiy tajriba va innovatsion ishlanmalarni joriy etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Dadajon Isaqulov yoshlarga murojaat qilib, energetika sohasi mamlakat taraqqiyotida ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh muhandislar doimiy ravishda izlanishda bo‘lib, zamonaviy bilim va tajribalarni o‘zlashtirishlari zarur.
– Sizlarning sa’y-harakatlaringiz nafaqat sohaning, balki butun yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu bois biz har doim yosh kadrlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Bu jarayonda yosh kadrlar faqat izlanishda bo‘lib, sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi uchun o‘z oldida katta maqsad qo‘yishi lozim, – dedi u.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish mavzusi ham yosh muhandislar e’tibor markazida bo‘ldi. Qiziqarli va savol-javoblarga boy bo‘lgan ushbu tadbir yakunida mehnat va tahsilda yuqori natijalarga erishgan yoshlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati