Energetika vazirligida kuz-qish mavsumida yoqilg‘i-energetika sohasi obyektlarining barqaror ishlashi, aholi xonadonlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Videoselektor shaklida o‘tgan yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, viloyat hokimliklari mutasaddilari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda asosiy maqsad — kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini (sog‘liqni saqlash muassasalari, ta’lim tizimi binolari, issiqlik elektr stansiyalari va boshqalar) energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning hozirgi holati tanqidiy muhokama qilindi.
Mas’ullarga ishlab chiqarish va yetkazib berish obyektlarining ishonchli faoliyatini ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish ishlarini jadallashtirish vazifasi topshirildi.
Energetika vazirligi va tizim korxonalarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 24/7 rejimida navbatchilik tashkil etilgan. Hududlarda avariyaviy holatlarning oldini olish va ularni tezkor bartaraf etish uchun maxsus brigadalar tuzilib, ular zarur texnika, zaxira materiallari va himoya vositalari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, barcha obyektlar 24/7 ish rejimiga o‘tkazilgani, ishchi guruhlar esa joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni muntazam nazorat qilib borayotgani ta’kidlandi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/17772
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati