2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada   arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ: Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi barqaror yetkazib beriladi — uza.uz
  • 01.10.2025
  • 6

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiy tuzilmasi jami 17 ta, shundan 14 ta magistral elektr tarmoqlari, “Energomaxsusavto”, “Energo-IT” hamda “Magistraltarmoqqurilish” filiallaridan iborat.

Bugungi kunda aksiyadorlik jamiyati tasarrufida uzunligi 36 ming 877 kilometrli 35-110-220 va 500 kilovolt kuchlanishli elektr tarmoqlari, umumiy quvvati 51 ming 630 megavolt-amper bo‘lgan 1 ming 583 ta podstansiya mavjud.

Ta’kidlash kerakki, 2025-yil 1-oktabr sanasidan kuz-qish mavsumi boshlanadi. Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13 gigavatt, ya’ni kuniga 280-290 million kVt•soat bo‘lgan bo‘lsa, qish mavsumida soatiga 14 gigavatt, kuniga esa 310-320 million kVt•soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJda tashkilot mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Urunov, Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Abdullayev va boshqalar 2025/2026-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirgan ishlari sarhisobiga e’tibor qaratdi.

Unda ta’kidlanishicha, kuz-qish mavsumining betalafot o‘tishi va elektr qurilmalarining barqaror ishlashi, iste’molchilarga yetarli darajada elektr energiyasini yetkazib berish energetika tizimi korxonalarining mavsumga tayyorgarlik borasida amalga oshirgan ishlari bilan bog‘liq.

Tadbirda Ulug‘bek Urunov aytib o‘tganidek, so‘nggi yillarda yer yuzida haroratning qish faslida keskin tushib ketishi va yoz oylarida keskin ko‘tarilib ketishi kuzatilmoqda. Bu energetika tizimidagi elektr qurilmalarining zo‘riqib ishlashi va ularning avariyaviy rejimda ishlashiga olib keladi. Shuningdek, elektr qurilmalarning ishlash muddatini keskin kamaytirib, tez ishdan chiqishiga sabab bo‘ladi. 

– Joriy yil yoz mavsumida respublikaning elektr energiya iste’moli soatiga 13 gigavatt, ya’ni kuniga 280-290 million kVt•soat bo‘lgan bo‘lsa, qish mavsumida soatiga 14 gigavatt, kuniga esa 310-320 million kVt•soatgacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Ushbu hajmdagi elektr energiyasini magistral tarmoqlar orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish uchun viloyatlar kesimida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Yil boshidan bugungi kunga qadar bir qator loyihalar amalga oshirilishi tufayli podstansiyalarning quvvati 492 megavolt•amperga oshirildi.

2025-2026-yil kuz-qish mavsumida elektr qurilmalarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, 1566 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari (rejaga nisbatan 140 foiz), 39 ta transformator (130 foiz), 122 ta komutatsion apparatlarda (102 foiz) mukammal ta’mir ishlari bajarildi. 12 ming 324 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari (rejaga nisbatan 103 foiz), 1 472 ta transformator (129 foiz), 2561 ta komutatsion apparatda (106 foiz) joriy ta’mir ishlari olib borildi, – dedi U.Urunov.

Aytib o‘tilganidek, transformatorlarning sovitish tizimlari tekshirilib, 139 ta dvigatel va 3 ta moy nasosi ta’mirlangan. Barcha elektr uzatish havo tarmoqlari navbatdan tashqari va davriy ko‘rikdan o‘tkazildi hamda ta’mirlash ishlari davomida 15 000 tadan ortiq izolyator va 3850 ta qushlar qo‘nishidan himoya qilish moslamalari o‘rnatilgan.

– Bundan tashqari, yuqori kuchlanishli magistral elektr uzatish tarmoqlarida olib boriladigan ko‘rik ishlarining samaradorligini oshirish, ya’ni borish qiyin bo‘lgan hududlar, muhofaza zonasidagi yangi qurilishlar, daraxtzorlarni aniqlash hamda avariyaviy holatlar sodir bo‘lganda elektr tarmog‘ining shikastlangan joyini qisqa muddatlarda topish maqsadida uchuvchisiz uchish apparatidan (dron) foydalanish joriy etilib, 800 kilometr tarmoq nazorat ko‘rigidan o‘tkazildi. Ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davomida aniqlangan nuqsonlar o‘z vaqtida bartaraf etilib, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyaviy o‘chishlarning oldi olindi, – dedi Elektr energiyasi oqimlarini tahlil qilish va hisobotini yuritish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.

Tadbirda mavsumga yartilgan zaxiralar xususida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, elektr tarmog‘i xo‘jaligi obektlari ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida 200 tonna transformator moyi, 1 000 kilogramm texnik plastina, 35 tonna turli rusumli simlar, 10 km kabel mahsulotlari, 60 dona metall va temir-beton tayanch, 10 000 ta izolyator, 21 ta magistral tarmoq podstansiyalari uchun hamda 37 ta 110 kilovolt kuchlanishli va 39 ta 35 kilovolt kuchlanishli taqsimlash tarmoqlari podstansiyalari uchun turli quvvatdagi transformator zaxirasi yaratildi.

Shuningdek, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 222 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus avtotransport, zaruriy ehtiyot qismlar, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Mas’ullar tizimda barcha jarayon mavsumga shayligini ta’kidladi. Bugungi kunda energetika tizim tashkilotlari tomonidan elektr ta’minoti barqarorligi uchun barcha kuch va resurslar safarbar etilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati