

«O‘zbekistonda uglerod-neytral iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha genderga yo‘naltirilgan va adolatli yo‘l xaritasini ishlab chiqish» loyihasi doirasidagi texnik davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbekistonda uglerod-neytral iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha genderga yo‘naltirilgan va adolatli yo‘l xaritasini ishlab chiqish» loyihasi doirasida gibrid formatda — oflayn va onlayn tarzda — texnik davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning moliyaviy ko‘magi va O‘zbekistondagi «BMT xotin-qizlar» tuzilmasi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi — O‘zbekistonning uglerod-neytral iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tishi va issiqxona gazlari chiqindisini nol darajaga yetkazishga qaratilgan genderga yo‘naltirilgan va adolatli yo‘l xaritasini ishlab chiqishga ko‘maklashishdan iborat.
Davra suhbati davomida dastlabki tahlil natijalari hamda yo‘l xaritasini ishlab chiqish jarayoni taqdim etildi. Ishtirokchilar hujjatga joriy etilishi mumkin bo‘lgan amaliy va samarali vositalar hamda mexanizmlarni muhokama qilib, ular orqali gender tengligi va inklyuziv iqlim harakatlarini ilgari surish masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Muhokamalarda tashabbuslarning amalga oshirilishini monitoring qilish va baholash usullari, shuningdek, erishilgan natijalar barqarorligini taʼminlash choralari bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar energetika sohasida gender masalalarini integratsiya qilish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, mavjud muammolar va muvaffaqiyatli amaliyotlarni muhokama qildilar hamda yo‘l xaritasini keyingi bosqichlarda samarali amalga oshirish uchun manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini belgilab oldilar.
Tadbirda quyidagilar ishtirok etdilar:
♦ O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi;
♦ O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining maslahatchisi;
♦ Oila va xotin-qizlar ishlari qo‘mitasi vakillari;
♦ Energetika vazirligiga qarashli tashkilotlar vakillari;
♦ Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) vakillari;
♦ «BMT xotin-qizlar» tuzilmasi vakili;
♦ shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy energetika kompaniyalari vakillari.
Respublika Kengashi taʼkidlaydiki, “yashil” va uglerod-neytral iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan islohotlar faqat texnik yoki iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lishi bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy adolat, gender tengligi va xodimlar mehnat huquqlarini himoya qilish tamoyillariga ham asoslanishi zarur. Kasaba uyushmalari «yashil o‘tish» jarayonini munosib ish o‘rinlarini yaratish, inson salohiyatini yuksaltirish va jamiyatning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘radi. Faqat shunday yondashuv orqaligina islohotlar haqiqatan ham adolatli, inklyuziv va mehnatkashlar hayot sifatini oshirish hamda mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tadbir tashabbusi O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan ilgari surilgan.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati