2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — 2017-2025-yillar davomida O‘zbekistonda magistral elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik quvvati yana 12 ming 821 MVAga oshdi
  • 25.11.2025
  • 2

Mamlakatimizda elektr energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va yuqori kuchlanishli podstansiyalarda o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. 2014-2024-yillar davomida amalga oshirilgan loyihalar natijasida magistral elektr tarmoqlarida qo‘shimcha quvvat hajmi bosqichma-bosqich o‘sib bordi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2024-yillar oralig‘ida yuqori kuchlanishli podstansiyalarda jami 10102 MVA (megavolt∙amper) qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilgan. 2025-yil uchun rejalashtirilgan va yil yakuniga qadar bajariladigan 2719 MVA qo‘shimcha quvvat qo‘shilganda, avvaldan mavjud quvvatlarga qo‘shilgan quvvat hajmi 12821 MVAni tashkil etgan.  

Bugungi kunda mazkur tashkilot tomonidan elektr energiyasini generatsiya nuqtalaridan magistral elektr tarmoqlari orqali taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazish hamda davlatlararo tranzit amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-dekabrdagi 844-sonli qaroriga muvofiq, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimidan qabul qilingan 35-110 kV kuchlanishli podstansiyalarda ham quvvat oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Yuklama ostida ishlayotgan kuch transformatorlari yangi, yuqori quvvatli elektr uskunalariga almashtirildi va bugungi kun holatiga 53 ta podstansiyada jami 354 MVA qo‘shimcha quvvat yaratildi.

2025-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, aksiyadorlik jamiyati balansining rasmiy ma’lumotlarida 35-110-220 va 500 kV kuchlanishli 1583 ta podstansiya bo‘lib, ularning umumiy to‘la quvvati 51 780,1 MVAni tashkil etadi. Shuningdek, 37 211,4 kilometr uzunlikdagi magistral elektr uzatish tarmoqlari mavjud.

– Albatta, amalga oshirilayotgan bu kabi modernizatsiya va quvvat oshirish  ishlari mamlakatning energiya xavfsizligini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yuqori kuchlanishli tarmoqlarda o‘tkazuvchanlik quvvatining oshishi taqsimlovchi tarmoqlarga elektr quvvatini barqaror yetkazishni kafolatlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarish korxonalarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlaydi va aholi uchun yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifatini oshiradi. Shu bilan birga, magistral tarmoqlarning imkoniyatlarini kengaytirish kelgusidagi yangi generatsiya quvvatlarini tizimga qo‘shish, eksport va davlatlararo tranzit hajmlarini oshirish uchun strategik platforma yaratib beradi, – dedi “O‘zMET” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati