

BOSH PROKURATURA: Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Departament boshlig‘i D.Kadirov va Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadovlar rahbarligida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Energetika, Ichki ishlar vazirlari va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining sohaviy o‘rinbosarlari, MIB, O‘zenergoinspeksiya, O‘zbekneftgaz, O‘ztransgaz, O‘zgaztreyd, Issiqlik elektr stansiyalari, O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari, Hududiy elektr tarmoqlari, Hududgaztaʼminot jamiyatlari rahbarlari hamda professor-olimlar ishtirok etishdi.
Kun tartibidagi qish mavsumida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, to‘lov intizomiga rioya qilish va resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari tanqidiy muhokama qilindi.
Tabiiy gazni qazib olish va yetkazib berish rejalari bajarilishi, yer osti gaz omborlardan gaz olishda qatʼiy tejamkorlikka rioya etilishi, magistral gaz quvurlari orqali gaz yetkazib berishda mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini oldini olishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yetkazib berilgan elektr energiyasi va tabiiy gazdan debitor qarzdorlikni oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, qarzdorlikni undirishning barcha tadbirlarini amalga oshirish, yetkazib beruvchi va taʼminot korxonalari o‘rtasida maqsadli sxemalar orqali o‘zaro hisob-kitobni amalga oshirish orqali qarzdorlikni kamaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Yetkazib berilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan hududlarda IIV, IJQK Departamenti va O‘zenergoinspeksiya xodimlaridan iborat ishchi guruhlarni tuzib, kuchaytirilgan reyd tadbirlarini aniq tahlillarga asosan o‘tkazilishi yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yil yakunlanishiga qadar energetika tizimi korxonalari obyektlarida bajarilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarini qisqa muddatda va sifatli tamomlash hamda investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha masʼullarga ko‘rsatmalar berildi.
Qish mavsumida aholiga suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berilishi, mavsumiy kafolatlanmagan isteʼmolchilarni tarmoqdan ajratishga qaratilgan tadbirlarning ijrosini taʼminlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi tanqid ostiga olindi.
Hududlarda professor-olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-texnikaviy o‘rganishlar yuzasidan ularning hisobotlari tinglanib, resurslarni iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalarini aniqlashga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
↘️ Manba
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati
❗️ «TOSHKENT SHAHAR MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI kanaliga a’zo bo’ling!