
Murojaat egasi: “MODEREN GREEN SERVISE” MChJ direktori Sodiqzoda Muhammadjon Maribjon o‘g‘li
Murojaat mazmuni:
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ga
ARIZA
/xatni bekor qilish to‘g‘risida/
Toshkent tuman hokimining 2021-yil 03-iyundagi 677-sonli qarori bilan «MODEREN GREEN SERVISE» MCHJga Toshkent viloyati Toshkent tumani Qizg‘aldoq hududi, “Bog‘izilol” MFY manzilida joylashgan yer maydonidagi tuman zaxirasidagi jami 2,5 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda manzarali ko‘chatlar yetishtirish uchun ajratilgan.
Jamiyatimizga ajratilgan yer maydoni atrofi biz tomonimizdan “ekoto‘siq” bilan o‘rab chiqildi, shundan so‘ng bu yerda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda manzarali ko‘chatlar yetishtirish bo‘yicha faoliyatimizni boshlashga kirishdik.
Lekin, atrofda yashovchi aholi biz tomonimizdan o‘rnatilgan “ekoto‘siq”larning ko‘pgina qismini buzib tashlab, hovli-joylari ro‘parasidagi maydonlarni o‘zaro taqsimlab olib, to‘siqlar bilan o‘rab, u yerga o‘zboshimchalik bilan terak, chinor, pavloniya kabi katta bo‘ladigan (baland bo‘yli — Axborot xizmati tahriri) daraxt ekishmoqda.
Fuqarolar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining rozilik xati mavjudligini bayon qilishmokda va rozilik xatini vaj qilib keltirib, katta hajmli daraxtlarni ekishmoqda.
Xususan, fuqarolar qo‘lidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari imzolagan 2023-yil 19-dekabr kungi 01-02-18/5209-sonli xatni ro‘kach qilishmoqda (xat nusxasi ilova qilinadi).
Aslida, ushbu hududdan yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i o‘tganligi sababli bu yer uchastkasi muhofaza mintaqasini tashkil qiladi. Bu hududda katta bo‘ladigan daraxtlarni ekish qatʼiyan man qilingan. Shuning uchun ham ushbu yer uchastkasi hokim qarori bilan bizning jamiyatimizga manzarali ko‘chat va kichik xajmli daraxtlarni ko‘paytirish (plantatsiya) maqsadida ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari”ning 14-bandiga ko‘ra, 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun muhofaza zonalari 25 metrni tashkil qiladi.
Murojaatga javob: Hurmatli “MODEREN GREEN SERVISE” MChJ direktori Sodiqzoda Muhammadjon Maribjon o‘g‘li, Sizning murojaatingiz qayd etilib, ijro uchun tegishli boshqarmalarga yo‘naltirildi.
Rasmiy javob xati va uning mazmuni quyidagicha:
Sizning 2025-yil 27-noyabrdagi A-127-raqam bilan ro‘yxatga olingan arizangiz o‘rganib chiqilib, quyidagilar ma’lum qilinadi:
O‘rganish jarayonida “MODEREN GREEN SERVISE” MChJga o‘rnatilgan tartibda biriktirilgan hudud “O‘zbekiston milliy elepktr tarmoqlari” AJ “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filialiga tegishli 220 kV kuchlanishdagi L-2-K-1 elektr uzatish havo tarmog‘ining 48-52-son tayanchlari oralig‘ida joylashgani hamda tarmoqning muhofaza maydonida mahalliy aholi tomonidan talablarga zid ravishda baland bo‘yli daraxtlar ekilganligi aniqlanib, ularni payhon bo‘lishidan oldin xavfsiz hududga ko‘chirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Fuqarolardan tushgan murojaatga javoban, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” 2017-yil 11-sentyabrdagi O‘RQ-445-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga rioya etgan holda shakllantirilib, yuborilgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning 2023-yil 19-dekabrdagi 01-02-18/5209-sonli xatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari” hamda amaldagi “Elektr qurilmalining tuzilishi qoidalari” ga muvofiq mavjud tarmoqlar muhofaza maydonidagi yerdan foydalanish tartibi bo‘yicha talablardan ko‘chirmalar keltirilgan bo‘lib, yerga bo‘lgan huquqini belgilash kuchiga ega emas.
Yuqorida keltirilgan qoidalar talablari mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha jismoniy va yuridik shaxslarga bir xil tadbiq etiladi.
Elektr uzatish havo tarmoqlari uchun doimiy foydalanishga ajratilgan yer deb faqat tayanchlar tagidagi tarkibiy qismdan tashqi tomonga sug‘orilmaydigan va ishlov berilmaydigan yerlar uchun 1 metr, sug‘oriladigan yerlarda 1,5 metr masofadagi maydon hisoblanadi. Ko‘rilayotgan hududda tarmoq muhofaza maydonidagi qolgan yerlar shu tarmoqqa egalik qiluvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning mulki yoki doimiy foydalanish uchun ajratilgan yeri deb hisoblanmaydi.
Sizning tashkilotingizga qarashli yer maydonidagi mulkingizga shikast yetkazilishi, o‘zboshimchalik bilan faoliyat yuritilishini bartaraf etilishi yuzasidan vakolatli tashkilotlarga murojaat etilishi maqsadga muvofiq.
O‘z navbatida elektr qurilmalarining barqaror ishlashiga xavf tug‘diradigan omillar vakolatimiz doirasida ekspluatatsiya jarayonida bartaraf etiladi.
Vakolat doirasidan tashqaridagi masalalar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish tashkilotlariga murojaat etilib, chora belgilanadi.
Elektr uzatish tarmoqlari muhofaza maydonida qonunbuzarlik holatlarining oldini olish yuzasidan hamkorligingiz uchun alohida minnatdorchiligimizni bildiramiz.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati