
Hozirgi vaqtda cheklangan energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan energiya iste’molini qoplash yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, Belorussiya, Xitoy va qator Yevropa davlatlarida energiya iste’molini to‘liq dekarbonizatsiya qilish, “Zero carbon – eco home” tamoyillari asosida uy-joylar qurish va iste’molni to‘liq elektrlashtirish amaliyoti muvaffaqiyatli joriy etilgan. Mazkur yondashuv dunyo mamlakatlarida keng ommalashmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ham energiya iste’moli madaniyatini oshirish, yangi barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar-joylarni to‘liq elektrlashtirish, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan ta’minlash, isitish tizimini elektr energiyasiga o‘tkazish hamda tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p xonadonli uylar, yotoqxonalar va gazlashtirilmagan hududlardagi hovlilar uchun imtiyozli tariflarni joriy etish bo‘yicha hisob-kitoblarga asoslangan takliflar ishlab chiqilgan.
Mazkur takliflar loyihasiga ko‘ra, ovqat tayyorlash uchun elektr plitalari bilan jihozlangan, isitish tizimi to‘liq elektrlashtirilgan, markazlashgan isitish tizimi va tabiiy gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p qavatli uylar, yotoqxonalar hamda gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi maishiy iste’molchilarga (subsidiyalanadigan narxlardagi suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki tabiiy gazdan foydalanmagan taqdirda) oylik iste’mol hajmiga qarab:
isitish mavsumida — 2000 kVt·soatgacha;
isitish mavsumidan tashqari — 1000 kVt·soatgacha;
elektr energiyasi iste’moli uchun amaldagi tariflarga nisbatan 50 foizgacha chegirma qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Takliflar idoralararo tartibda kelishilgan.
Hozirda mavjud elektr tarmoqlarining qo‘shimcha yuklamani qabul qilish imkoniyati bo‘yicha texnik audit davom etmoqda. Shuningdek, Energetika vazirligi, IMV, O‘zenergoinspeksiya, HET AJ va HGT AJ tomonidan qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Mazkur islohotlar O‘zbekiston energetika tizimi uchun muhim transformatsiya jarayoni bo‘lib, xalqaro tajribada kuzatilganidek, bunday o‘zgarishlar chuqur tahlil, vaqt va yuqori darajadagi ehtiyotkorlikni talab qiladi. Jarayonning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi tizimning strategik ahamiyatidan kelib chiqadi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan mazkur jarayonning murakkabligi va mas’uliyat darajasini inobatga olmagan holda noxolis talqin qilinmoqda. Takliflarning ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi amaldagi reglamentlarga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.
Hisob-kitoblar va texnik audit yakuniga ko‘ra, umumiy xulosa shakllantiriladi va shundan so‘ng takliflarning amaliyotga tatbiq etilishi ta’minlanadi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tomonidan mazkur takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etilgani, audit jarayonlari davom etayotgani va ishlab chiqilgan mexanizmning kelgusi yilda joriy etilishidan umidvorligi bir necha bor ommaga ma’lum qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, jamoatchilikdan mazkur jarayonlarga xolisona yondashish, faktlarga asoslangan baho berish hamda rasmiy ma’lumotlarga tayanishni so‘raymiz.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/18542
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati