
Murojaat egasi: Axadov Adxam Akramovich, “Mexmash” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan
Elektron pochta: info@mexmash.uz
Murojaat mazmuni: “Mexmash” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat) Siz rahbarlik qilayotgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda – “O‘zMET” AJ) balansidagi elektr infratuzilmasi obyektlarining jamiyat xo‘jalik faoliyatiga taʼsiri bilan bog‘liq masalani hal etishda amaliy yordam so‘rab murojaat etmoqda.
Jamiyat 2021-yilda “Namanganvino” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan Namangan shahar, Davlatobod tumani, Do‘stlik ko‘chasi, 6- va 6A-uy manzillarida joylashgan ishlab chiqarish bino va inshootlarini sotib olgan. Hozirgi kunda ushbu bino-inshootlardan mahkamlash mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida foydalanilmoqda.
Jamiyatga tegishli hududdan “O‘zMET” AJ balansida bo‘lgan, Namangan viloyati, Namangan shahri, Davlatobod tumani, “Yuqori Rovuston” MFY, Do‘stlik ko‘chasi, 29-uyda joylashgan 110/10 kV kuchlanishli “TRANSFORMATORNAYA” podstansiyasiga o‘tgan 2 ta 110 kV kuchlanishli havo elektr uzatish liniyasi (keyingi o‘rinlarda – HL) mavjud. Ushbu 110 kV elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasi Jamiyatimizning yangi loyihalarini amalga oshirish va binolar qurish ishlariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi” qoidalarining 3-bandida elektr uzatish havo liniyalari va aloqa havo liniyalarining muhofaza zonasi — HL bo‘ylab, eng chetda joylashgan simlardan, ularning og‘ishmagan holatida 110 kV HL uchun – 100 m masofada, liniyaning ikkala tomoni bo‘ylab, vertikal sirtlar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo bo‘shlig‘i ko‘rinishidagi zona ajratilishi belgilangan. Jamiyatimiz hududidan o‘tgan 2 ta 110 kV kuchlanishli HL uchun metall anker-opora orqali 170 m uzunlikda tarmoq o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu liniyaning muhofaza zonasi yer maydoni 17000 kv.m ni tashkil etmoqda. Shuningdek, “O‘zMET” AJ balansidagi 110/10 kV kuchlanishli “TRANSFORMATORNAYA” podstansiyasini 2026-yilda modernizatsiya qilish rejalashtirilayotganidan xabardormiz.
Yuqoridagilarni inobatga olib, jamiyatimiz hududidan o‘tgan 110 kV HLni hamda Do‘stlik ko‘chasi, 29-uyda joylashgan 110/10 kV kuchlanishli “TRANSFORMATORNAYA” podstansiyani ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz. Ko‘chirish uchun Jamiyatimizga tegishli, “O‘zMET” AJ xodimlarining xizmat ko‘rsatishi uchun qulay bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi Do‘stlik ko‘chasi, 6-uyda joylashgan mos yer maydonini almashtirish evaziga taklif etamiz.
Ushbu masalaning ijobiy hal etilishi Jamiyatimizning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga va “O‘zMET” AJning elektr infratuzilmasini optimallashtirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. Mazkur murojaatni ko‘rib chiqishingizni va tegishli qaror qabul qilishingizni iltimos qilamiz.
Murojaatga javob: Hurmatli “Mexmash” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan Adxam Akramovich, Sizning murojaatingiz qayd etilib, ijro uchun tegishli boshqarmalarga yo‘naltirildi.
Rasmiy javob xati va uning mazmuni quyidagicha:
Sizning 2025-yil 26-noyabrdagi 551/25-raqam bilan ro‘yxatga olingan murojaatingiz hamda 272-sonl xatingiz iyuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Murojaatga muvofiq Namangan shahri, Davlatobod tumani, “Yuqori Rovuston” MFY, Do‘stlik ko‘chasida joylashgan 110/10 kV kuchlanishdagi “Transformatornaya” podstantsiyasini ko‘chirish masalasi mutaxassislar tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
Modernizatsiya ishlari podstantsiya joylashgan mavjud maydon hamda unga birikgan nafaqat “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, balki “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Namangan hududiy filiali va turli toifadagi iste’molchilarga tegishli bo‘lgan elektr tarmoqlari bilan uyg‘unlashgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur podstantsiyani ko‘chirilishi unga ulangan tarmoqlar uchun ham yangi er maydonlarini ajratish hamda o‘zgargan maydondagi muhandislik kommunikatsiyalarni (masalan: suv, oqova, gaz, elektr va hokazo) ham egalari bilan kelishgan holda loyihalashtirish va qayta qurish uchun qo‘shimcha
xarajatlarni talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-iyundagi 338-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish qoidalari” ning 92-bandiga muvofiq ko‘chirish ishlari tashabbuskor mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, podstantsiyani ko‘chirish bo‘yicha loyihalashtirish va ishlarni amalga oshirish barcha manfaatdorlar bilan kelishilgan takliflarni hisobga olgan holda, o‘rnatilgan tartibda bajarilishi lozim.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda podstantsiya ko‘chirilishi har jihatdan Aksiyadorlik jamiyatimiz uchun maqsadga muvofiq emas deb hisoblanadi. Masalani joyida ko‘rib chiqish dalolatnomasi ilova qilinadi – 2 varaqda.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
https://t.me/uzmetaxborotxizmati