
Hurmatli “O‘zbekiston MET” AJ jamoasi aʼzolari, aziz hamkasblar!
Sizlarni 22-dekabr, yaʼni bugungi "Energetiklar kuni" munosabati bilan o‘z nomimdan qizg‘in muborakbod etaman!
Barchangizga maʼlumki, yaqindagina Muhtaram Prezidentimiz energetika sohasi vakillari bilan uchrashib, sohamiz oldida turgan ustuvor vazifalarga ham keng to‘xtalib o‘tdilar. Zero, biz faoliyat olib borayotgan Energetika sohasi yurt ravnaqi, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun eng muhim yo‘nalishlardan biri ekanligi eʼtirof etildi. Bu esa, o‘z o‘rnida, barchamizning fidokorona faoliyat tashkil etishimizni, bir so‘z bilan aytganda, vatanparvarlik ruhida ishlashimizni taqozo qiladi.
Aslini olganda, bir butun soha rivoji bir yoki bir nechta kishining faoliyati bilan taʼminlanmaydi. Bu o‘rinda katta bir jamoaning, keng soha mutaxassislarining jonbozlik bilan olib borayotgan ishlari o‘z samarasini ko‘rsatadi. Shu maʼnoda aytishim mumkinki, tizimdagi Siz — soha vakillari bo‘lgan har biringizning munosib hissangiz bor, deb bilaman!
Yurtimiz barcha sohalarda kundan-kunga ravnaq topib, katta rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Bu albatta, mamlakatimiz tanlagan yo‘lining nihoyatda to‘g‘riligi, u mustahkam asosga ega ekanligidadir. Alohida aytib o‘tish kerak, bugungi rivojlanishga Siz kabi tajribali va jonkuyar insonlar tomonidan munosib hissa qo‘shib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi elektr energetikasini rivojlantirish va xalq xo‘jaligini elektrlashtirishdagi ko‘p yillik va halol mehnatlari uchun bir guruh hamkasblarimizga “Energetika faxriysi” unvoni, shuningdek, “Faxriy yorliq” hamda “Tashakkurnoma”lar eʼlon qilingan.
Fidokorona mehnatlari eʼtiroflarga munosib ko‘rilgan barcha safdoshlarimizga unvonlar muborak bo‘lsin, deya o‘z kasbiga sodiqlik ila olib borayotgan ezgu amallaringiz va fidoiy mehnatingiz bardavom bo‘lsin, deb qolamiz!
Qolaversa, yaqinlashib kelayotgan Yangi 2026-yil barchangizga muborak bo‘lsin! Sizni va siz orqali oila aʼzolaringizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etaman! Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik tilayman!
Yurtimiz energetika sohasi ravnaqi, xalqimiz baxtu saodati, ona Vatanimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lidagi xayrli ishlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!
Biz aminmizki, Sizning haqiqiy vatanparvarligingiz davlatimiz xizmatidagi ko‘p yillik ilmiy tajribangiz Sizga sharafli vazifangizni bajarishda hamrohlik qilib, yo‘lingizni yoritib, nurafshon aylab turadi!
Yangi yilda barcha ezgu niyatlaringiz amalga oshishini, ko‘tarinki va bayramona kayfiyat har doim hamroh bo‘lishini tilayman!
Hurmat bilan,
Abdumalik Nazirov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati