
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida, xususan «Xalq so‘zi» gazetaci tahririyatining “Xalq so‘zi Online” (@XalqSoziOnline) YouTube platformasida:
“Daraxt ekkanimiz uchun tergovga chaqirildik” (“ODAMLARNI QO‘RQITMASIN”)
https://www.youtube.com/watch?v=NDj6bcLlgCE
Xalqqa ultimatum: daraxtlar kesiladi yoki... (“QURILISHMI YOKI QIRILISH”)
https://www.youtube.com/watch?v=qvY4z9vM1KA
nomli jurnalistik surishtiruvga oid videolavhalar eʼlon qilindi. Ularda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining nomi elektr tarmoq xo‘jaliklarining “muhofaza maydoni” masalasiga taalluqli joylarida bir necha bor tilga olinadi.
Mazkur jurnalistik surishtiruviga oid masala, aniqrog‘i mazkur masalaga “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining munosabati OAV hamda jamoatchilik orasida noto‘g‘ri talqinlarni keltirib chiqarmasligi uchun Aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati quyidagilarni maʼlum qiladi:
RASMIY IZOH:
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy javob xatlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari” hamda amaldagi “Elektr qurilmalining tuzilishi qoidalari”ga muvofiq mavjud tarmoqlar muhofaza maydonidagi yerdan foydalanish tartibiga oid normalardan ko‘chirmalar keltirilgan bo‘lib, bu xatlar yerga bo‘lgan egalik huquqini belgilamaydi.
Elektr qurilmalarining barqaror ishlashiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillar, xususan, elektr tarmoqlari muhofaza maydonidagi to‘siqlar Aksiyadorlik jamiyatining vakolati doirasida, ekspluatatsiya jarayonida bartaraf etiladi.
Aksiyadorlik jamiyati vakolatidan tashqaridagi masalalar bo‘yicha mahalliy hokimiyat yoki huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilinadi va tegishli choralar belgilanadi.
Mavjud yerlarning qaysi bir shaklda biriktirilishi yuzasidan yerdan foydalanish huquqini belgilovchi vakolatli tashkilotga murojaat etilishi maqsadga muvofiq.
QO‘SHIMCHA MAʼLUMOT:
Aksiyadorlik jamiyati 220 kV kuchlanishli L-2-K-1 elektr uzatish tarmog‘i yuzasidan qayd etilgan quyidagi murojaatlarga javob bergan va murojaat egasi hamda berilgan rasmiy munosabatga oid axborot rasmiy veb-sayt sahifalariga yuklanib borilgan:
Murojaatchi: «Hokimning tegishli qarori bilan tuman zaxirasidagi jami 2,5 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan. Lekin atrofda yashovchi aholi...»
Murojaat egasi: “MODEREN GREEN SERVISE” MCHJ direktori Sodiqzoda Muhammadjon Maribjon o‘g‘li
https://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/7768
Murojaatchi: «Aksiyadorlik jamiyati javob xatida texnik talablarga rioya qilgan holda daraxt ekish mumkinligi yozilgan...»
Murojaat egasi: N.Mamataxunov, Toshkent shahri.
https://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/8058
Axborot xizmatidan qo‘shimcha izoh-maʼlumot: “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini «Xalq so‘zi» tahririyati muxbiri deb tanishtirgan Sardorbek Poyonov Toshkent viloyatidagi bir masala yuzasidan «jurnalistik surishtiruv»i o‘tkazayotgani, shu sababli masala yuzasidan yuzasidan bir nechta savollari borligini aytib murojaat qilgan edi.
Matbuot kotibi U.P.Urunov savol aholi murojaati yuzasidan bo‘lsa, batafsil axborot almanishuvi uchun, «Xalq so‘zi» tahririyati nomidan rasmiy (yozma, elektron pochta orqali) murojaat yuborishini so‘ragan. Shu masaladagi o‘zaro kelishuvdan so‘ng elektr uzatish tarmoqlarining “muhofaza maydoni” haqida qisqacha tushuntirish bergan, ammo bu jurnalistik surishtiruvi yuzasidan rasmiy bayonot bo‘lmay, jurnalistga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari”ga oid talablar yuzasida tushuntirish berilgan.
Ammo eʼlon qilingan videolavhada bu holat “rasmiy bayonot” sifatida talqin etilgan, vaholanki, yozma so‘rov yuborish va unga rasmiy javob qaytarishga o‘zaro kelishilgan bo‘lsa-da, Aksiyadorlik jamiyatiga «Xalq so‘zi» tahririyatidan rasmiy so‘rov kelib tushmagan.
Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rovni ko‘rib chiqish tartibiga ko‘ra, Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kunlik muddatda ko‘rib chiqilishi belgilangan. Tahririyat muxbiri esa uch marta qo‘ng‘iroq qilib «ikki soatdan keyin kamera bilan ishxonangizga borayapman, rahbaringizni intervyuga tayyorlab turing», degani OAV vakili etikasi va mavjud tartib-qoidalarga zid ekanini aytish o‘tishni joiz bildik.
Shuningdek, videolavhada «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filialining xati eʼlon qilib, unda imlo xatolar ko‘pligi ko‘rsatilgan. Bu borada tahririyatning eʼtirozi to‘g‘ri, bu Filial masʼul xodimlarining eʼtiborsizligi tufayli ro‘y bergan. Ammo texnik-muhandislar tomonidan yozilgan xatning mazmuni to‘g‘riligi va Filial tomonidan yuborilgani aniq (tasdiqlanadi).
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati “Xalq so‘zi” tahririyatiga (barcha OAV va jamoatchilik vakillariga) muloqot uchun doim ochiqligini, shuningdek, rasmiy so‘rovlarga belgilangan muddat ichida rasmiy javob berishini maʼlum qiladi.Shu bilan birga, Aksiyadorlik jamiyati 220 kV kuchlanishli L-2-K-1 elektr uzatish tarmog‘i yuzasidan qayd etilgan barcha murojaatlarga tegishli tartibda javob bergan.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati