2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozori yaratiladi
  • 23.01.2026
  • 7

#elektr_energiyasi

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi bugun “Markaziy Osiyoda elektr energiyasi bozorini rivojlantirish va energiya tizimlari integratsiyasi” (REMIT) dasturini tasdiqladi.

Dasturni amalga oshirish 10 yil davom etadi. U uch bosqichga bo‘lingan bo‘lib, ularning asosiy maqsadi mintaqa energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Dastur Markaziy Osiyoda birinchi mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish, savdoni rivojlantirish, elektr uzatish tizimlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining mintaqa mamlakatlari energiya tizimlariga keng ko‘lamli integratsiyasi uchun asos yaratishga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda elektr energiyasiga bo‘lgan talab tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va hozirgi tendensiyalardan kelib chiqib, 2050-yilga borib ushbu talab uch barobar oshishi mumkin. Mintaqa iqtisodiyotining o‘sishi, aholi sonining ko‘payishi, sanoat rivojlanishi va shaharlarning kengayishi bilan arzon, ishonchli va barqaror energiyaga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.

REMIT dasturi mintaqaning bir-birini to‘ldiruvchi energiya resurslaridan, jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikistondagi gidroenergetika, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida o‘sib borayotgan quyosh va shamol energiyasi salohiyatidan foydalanishga qaratilgan.

Keyingi o‘n yil ichida REMIT dasturi elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 000 GVt/soatgacha oshirishga yordam beradi – bu butun Markaziy Osiyo bo‘ylab millionlab odamlarning yillik ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli bo‘ladi. Shuningdek, u elektr uzatish tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik quvvatini 16 GVtgacha – uch baravardan ko‘proqqa oshirishga, mintaqa mamlakatlarining energiya tizimlariga 9 GVtgacha toza energiya quvvatlarini integratsiya qilishga yordam beradi. Mintaqaviy energetika integratsiyasini mustahkamlash yanada muvozanatli va barqaror energiya tizimini yaratish, elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish, uy xo‘jaliklari va biznes uchun energiya narxini pasaytirish imkonini beradi.

REMIT dasturi Markaziy Osiyoda mintaqaviy elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish, mintaqaviy elektr energiyasini uzatish infratuzilmasini mustahkamlash, energiya tarmoqlarining ishonchliligini oshirish uchun raqamli tizimlarni joriy etish, shuningdek, energetika sohasida mintaqaviy institutlar va muvofiqlashtirishni kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, dastur doirasidagi investitsiyalar mintaqa mamlakatlariga energetika infratuzilmasini qurish sohasida ham, mintaqaviy elektr energiyasi bozorini boshqarish sohasida ham yuqori malakali mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam beradi.

REMIT dasturi — mintaqaviy elektr energiyasi bozori ko‘lamini kengaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini va mintaqaviy infratuzilmani raqamlashtirishni kuchaytirish, shuningdek, tegishli mintaqaviy institutlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash imkonini beradi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/18940

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati