2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Korrupsiyaga qarshi kurashish
Davlat dasturi loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida qator vazifalar belgilandi
  • 27.01.2026
  • 29

“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi. 

Davlat dasturi loyihasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida quyidagi vazifalar belgilanmoqda: 

➖ Eng asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 2 mingdan ziyod qonunchilik hujjatlarini xatlovdan o‘tkazib, ulardagi kolliziyalar, nomuvofiqliklar, “noaniq” qoidalar va boshqa korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish;

Davlat organlari rahbarlarining o‘zi rahbarlik qilayotgan idora yoki tizim faoliyatida yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklar uchun siyosiy javobgarligi institutini joriy qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish:

Loyihada siyosiy lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining xalq oldida masʼulligi, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirilishi asoslari va tartibi, ularning o‘z ixtiyori bilan isteʼfoga chiqishi tartibi nazarda tutiladi.

➖ Davlat organida mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan xodimni ikki yil ichida o‘zi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlarga ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasidan xulosa olishning aniq tartibini belgilash bo‘yicha idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy veb-sayti va “E-anticor” ochiq platformasida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning oldini olishga doir qonunchilikdagi cheklovlar bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarda real vaqt rejimida maslahatlar beruvchi “Maslahatchi” interaktiv xizmati (chat-bot) modulini ishlab chiqish.

➖ Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari rahbarlarini rotatsiya qilish tartibi bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish:

Loyihada rotatsiya qilinadigan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlash, rotatsiya qilish asoslari va tartibi, rotatsiya qilishda qo‘shimcha ijtimoiy-huquqiy kafolatlarni taʼminlash aks ettiriladi.

➖ “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida 30 ming nafar davlat xizmatchisini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitish:

▫️O‘qitish jarayonlariga xalqaro ekspertlarni jalb etish, o‘quv uslubiy qo‘llanmalar va o‘quv dasturlarini takomillashtirish;

▫️ O‘qitish natijalarini monitoring qilgan holda davlat xizmatchilarini belgilangan muddatda o‘qitish bo‘yicha majburiy talablarga rioya etmagan tashkilotlarga taqdimnoma kiritish.

Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va ularning affillangan shaxslarining ayni bir lotdagi ishtirokining oldini olishga oid quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish:

▫️xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari va ularning affillangan shaxslari, shu jumladan, bir xil taʼsischilar, rahbarlar, benefitsiarlar yoki o‘zaro bog‘liq tadbirkorlik subyektlarining ayni bir lotda ishtirok etishini cheklovchi mezonlarni belgilash;

▫️xarid qilish tartib-taomillarida affillangan shaxslarning ishtirokini nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, shu jumladan, avtomatik tekshiruv va xavf indikatorlarini ishlab chiqish orqali raqobatni kuchaytirish.

➖ Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi xizmatlar va servislar sonini 880 taga yetkazish, shuningdek, portalning qulayliklarini ommaviy axborot vositalari va boshqa usullar orqali targ‘ib qilish;

“Open Data Challange” xakatoni o‘tkazish.

► Jamoatchilik muhokamasi joriy yilning 7-fevral sanasiga qadar davom etadi.
———
Korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Manba: https://t.me/antikor_uzb/4366

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati