2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
IS GAZI NIMA?
  • 28.01.2026
  • 25

⚠️ Kuz-qish mavsumi kelishi bilan hamyurtlarimiz xonadonlarini isitishning turli yo‘llaridan foydalanishga harakat qilishadi.  Yaʼni isteʼmolchilar qishdan chiqish uchun o‘zlariga qulay, nisbatan arzon yo‘llarni izlashadi. Ko‘pincha ehtiyotsizlik va yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida mamlakatning turli burchaklarida yong‘in bilan bog‘liq fojialar sodir bo‘ladi. 

✅ Shunday ekan bu boradagi ayrim maʼlumotlarni bilib qo‘yish foydadan holi bo‘lmaydi.

♦ Is gazi (uglerod oksidi) — tabiatda eng ko‘p tarqalgan zaharli gazlardan biri bo‘lib, rangsiz, taʼmsiz, hidsiz. Kimyoviy formulasi — CO. Uni «tilsiz yov» deb ham atashadi. 

Qazib olingan yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi — is gazining bosh manbai hisoblanadi!

Is gazi asosan ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘ilarning to‘liq yonmasligidan hosil bo‘ladi. Nafas olish jarayonida havo tarkibida is gazi miqdori 0,1% dan oshsa xavfli. Bu o‘limga sabab bo‘lishi mumkin! Is gazi organizmga tushganda, u qon tarkibidagi kislorod tashuvchi eritrotsitlar faoliyatini izdan chiqaradi, aniqrog‘i kislorodni tana bo‘ylab harakatlanishini cheklaydi. Natijada, inson hushini yo‘qotib, qayta o‘ziga kelmasligi mumkin.

⁉️ IS GAZIDAN SAQLANISH UCHUN NIMA QILISH KERAK? 

⇒ Mutaxassislar tavsiya etishadi:

1️⃣ Har yili isitish mavsumidan oldin dudbo‘ron, havo almashish (ventilyatsiya) kanallari, isitish jihozlari va uskunalari sozligini tegishli tashkilot mutaxassislari tekshiruvidan o‘tkazish lozim.

2️⃣  Nosoz deb topilgan gaz jihozlari va inshootlari to‘liq taʼmirlanib, soz holatga keltirilmagunicha, ulardan isitish maqsadida foydalanmaslik lozim.

3️⃣ Yopiq binoda ochiq olovdan isitish maqsadida foydalanilmaslik zarur.

⚠️ Ushbu xabarni ulashing va insonlar hayotini asrang! 

‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati