

Bugun, 2026-yil 11-fevral kuni, Toshkent shahri, Olmazor tumanida Bosh prokuratura hamda Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari ishtirokida manzilli o‘rganish hamda energetika obyektlarida olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya loyihalariga oid taqdimotlar tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yo‘ldoshev ishtirok etib, isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan uzluksiz taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jismonan va maʼnan eskirgan uskuna hamda jihozlarni yangi, zamonaviylariga almashtirish jarayonlari, shuningdek. texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, energiya tejamkorligi va samaradorligi, elektr energiyasi va tabiiy gaz isteʼmolchilarining murojaatlariga oid so‘rovlarni tezkor hal etishda innovatsion texnologiyalardan foydalanishga qaratilgan ishlanmalar taqdimoti bilan tanishdi.
⚡️Misol uchun, Ishchi guruh aʼzolari Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi yuqori kuchlanishli energetika obyektlari, xususan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi 110/10/6 kV kuchlanishli “Vistovochnaya” podstansiyasida olib borilayotgan modernizatsiya dasturi bilan tanishdilar.
► Maʼlumot o‘rnida: Mazkur energetika obyektida yuklama bilan ishlayotgan 2 dona 25 000 kVA quvvatli transformatorlar ayni paytda har biri 40 000 kVA quvvatli yangi va zamonaviy transformatorlarga almashtirilmoqda. Bu orqali mazkur hudud elektr taʼminotining ishonchliligi birmuncha oshiriladi.
► Shuningdek, Ishchi guruh aʼzolari mahallalardagi transformator punkti hamda gaz taqsimlash qurilmasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”), "Hududiy elektr tarmoqlari" hamda “Hududgaztaʼminot” AJ tashkilotlarining taqdimotlari bilan tanishdilar. Energetika sohasiga tatbiq etilayotgan yangi ishlanmalarni keng joriy etish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
► Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yo‘ldoshev tomonidan Ishchi guruh aʼzolariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
http://t.me/uzmetaxborotxizmati