2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: “Yashil” vodorod: xalqaro tajriba va texnologiyalarni o‘rganish
  • 28.04.2026
  • 26

#hamkorlik

“Yashil” vodorod: xalqaro tajriba va texnologiyalarni o‘rganish

Koreya Respublikasida “Clean Hydrogen for Uzbekistan” loyihasi doirasida Energetika vazirligi mutaxassislari hamda vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti vakillari vodorod energetikasi sohasidagi xalqaro tajriba, qonunchilik asoslari va texnologik yechimlar bilan tanishmoqda.

Mazkur dastur “Global Green Growth Institute” (GGGI) hamkorligida amalga oshirilmoqda hamda mamlakatda toza vodorod bozorini shakllantirish uchun zarur institutsional va texnologik asoslarni o‘rganishga qaratilgan.

Dastur doirasida vodorod energetikasini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy bazani o‘rganish, texnologiyalar bilan tanishish hamda uni sanoat tarmoqlarida qo‘llash imkoniyatlarini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jahon amaliyotida “yashil” vodorod, odatda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ishlaydigan elektroliz texnologiyalari orqali ishlab chiqariladi. Muloqotlar davomida vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va energetika tizimida qo‘llash bo‘yicha Koreya tajribasi taqdim etildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Vodorod energetikasi kelgusida kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishda muhim omillardan biri sifatida qaralmoqda.

Shu bilan birga, vodorod texnologiyalari sanoat tarmoqlarini dekarbonizatsiya qilish, energetika tizimining barqarorligini oshirish va kam uglerodli iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tishda muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar esa kelajakda vodorod texnologiyalarini joriy etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi mumkin.

Uchrashuvlar davomida sohada hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/19709

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati