2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
TEJAMKORLIK GAROVI: Xonadondagi elektr uskuna va jihozlaridan unumli foydalanish yuzasidan tavsiyalar
  • 28.04.2026
  • 22

Hurmatli isteʼmolchilar, eng avvalo, energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish — bu xonadonimizdagi elektr uskuna va jihozlardan foydalanmaslik evaziga bo‘lmasligini tushunib olishimiz shart. Demak, biz foydalanish jarayonida behuda ishlatmasak va/yoki kam energiya evaziga ko‘proq foydali ishga erishsak, ayni kunlarda ko‘p marotaba aytib kelinayotgan tushuncha — energiya tejamkorligi va samaradorligiga erishamiz.

Isteʼmolchilarning bir qator huquqlari bo‘lishi bilan birga bir qator vazifa-majburiyatlari ham bor. Shulardan biri, energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, milliy boyligimiz mahsulidan samaradolik bilan, yaʼni oqilona foydalanish.

Misol uchun, uyingizdagi birgina televizor rozetkadan o‘chirilmaganda (kutish rejimida qolsa) o‘rtacha bir kunda 25 Vt, bir oyda esa 750 Vt, yaʼni o‘rtacha 22,5 kVt∙soat elektr energiyasi behuda sarflanadi.

Xo‘jalik isteʼmoli bo‘yicha isitish va sovitish jihozlari birinchi o‘rinni band qiladi – ularning hissasiga jami isteʼmolning 50–70 foizi to‘g‘ri keladi.

Suv isitish moslamalari (boylerlar) eng ko‘p energiya sarflovchi jihozlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Agar boylerda isitiladigan suv yuvinish, idish yuvish, kir yuvishga ishlatilsa, bu xarajatlar hissasi yillik isteʼmolning 12 foizigacha yetishi mumkin. Elektr suv isitkichning sarf ko‘rsatkichlari oila aʼzolari soniga hamda ularning tejamkorlik madaniyatiga chambarchas bog‘liq. Baʼzi holatlarda u oyiga 400 kilovatt-soatgacha yetadi.

Bunday uskunalarning isteʼmolini faqatgina qatʼiy nazorat orqali kamaytirish mumkin. Masalan, uyda uzoq vaqt bo‘lmagan paytingiz “taʼtil” rejimini yoqib qo‘yish mumkin. Shuningdek, suvdan hech kim foydalanmaydigan soatlarda boylerni o‘chirib qo‘ysa ham bo‘ladi.

O‘rtacha olganda, kir yuvish mashinasi yillik isteʼmolning 2–5 foizini, idish yuvish mashinasi 2–3 foizini, elektr plita va duxovka 8 foizini tashkil etadi. Tabiiyki, ushbu elektr jihozlarning sarfi ulardan qanchalar ko‘p foydalanishimizga bog‘liq. Kir va idish yuvish mashinalarini faqat to‘ldirgan holda ishlatish orqali energiya sarfini anchagina kamaytirish mumkinligi isbotlangan.

Uyimizni yoritish uchun o‘rtacha statistikaga ko‘ra, jami xarajatlarning taxminan 10–12 foizi ketadi. Agar yorug‘lik diodli lampalar o‘rniga quyma lampalardan foydalanilsa, bu ko‘rsatkich bir necha baravar yuqori bo‘lishi ham mumkin. Chiroq haqida gap ketganda, elektrni tejashning eng oddiy usuli – hech kimga kerak bo‘lmagan xonalarda chiroqni yoqiq qoldirmaslikdir.

Standart muzlatkich yiliga o‘rtacha 150 kilovatt-soat energiya isteʼmol qiladi. Biroq mutaxassislarning taʼkidlashicha, muzlatkich xona devori yoki burchagiga o‘ta yaqin qo‘yilsa va havo aylanishi yaxshi bo‘lmasa, juda issiq xonada tursa, energiya sarfi oshib ketadi. Yana bir jihat – muzlatkich 3/4 qismga to‘ldirilgan holatda samarali ishlaydi. Shu sababdan uning “eskirgan” narsalar bilan to‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Tavsiyalarni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Elektr energiyasi oqimlarini tahlil qilish va hisobotini yuritish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Salim Latipovich Eshonqulov tayyorladi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati