

Bugungi kunda energetika sohasida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, mavjud muammolarni joyida o‘rganish va tezkor hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Bugun poytaxtimizda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Feruz Qurbonov ishtirokida galdagi sayyor qabul o‘tkazildi. Tadbir davomida u fuqarolar bilan muloqot qilib, energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar, tizimni modernizatsiya qilish va aholiga sifatli elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
–Bugungi kunda har bir murojaatga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashish biz uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Energetika tizimidagi har bir masala fuqarolar hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois, biz murojaatlarni faqat qabul qilib qolmasdan, balki ularni joyida o‘rganish va imkoni bo‘lgan hollarda zudlik bilan hal etishni maqsad qilganmiz. Agar masala qo‘shimcha o‘rganishni talab etsa, u holda albatta nazoratga olinib, tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda yechim topiladi, – dedi F.Qurbonov.
Sayyor qabul davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, jumladan elektr ta’minotidagi uzilishlar, yangi ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlarini bildirdi.
Tadbir davomida barcha murojaatlar tegishli tartibda qayd etilib, mas’ul tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqish va amaliy choralar ko‘rish uchun nazoratga olindi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lum qilganidek, tashkilot tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, muammolarni joyida hal etish hamda tizimda shaffoflikni ta’minlash maqsadida sayyor qabullar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
Manba: https://uza.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati