2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRI: Hurmatli hamkasblar va energetika sohasi xodimlari!
  • 01.05.2026
  • 41

#tabrik #energetikaning_100_yilligi

Hurmatli hamkasblar va energetika sohasi xodimlari! 
 
Bundan roppa-rosa 100-yil avval — 1926-yil 1-may kuni “Bo‘zsuv” gidroelektr stansiyasining ishga tushirilishi bilan yurtimizda zamonaviy energetika tizimiga asos solingan edi. Quvvati atigi 2 megavatt bo‘lgan mazkur ilk stansiya mamlakatimiz sanoati va shahar infratuzilmasini elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lida muhim va tarixiy qadam bo‘lgan. 

 
O‘tgan bir asr davomida energetika sohasi ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Yangi elektr stansiyalari barpo etildi, tarmoqlar kengaytirildi, infratuzilma izchil modernizatsiya qilindi. Bugungi kunda energetika tizimi mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanishining mustahkam tayanchiga aylandi. 
 
So‘nggi yillarda, hurmatli Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev boshchiliklarida sohaga alohida e’tibor qaratilishi natijasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, investitsiya loyihalari izchil ravishda kengaytirilib, umumiy qiymati 11 milliard dollarlik yirik loyihalar ishga tushirildi va tarixiy ahamiyatga ega salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, so‘nggi 9 yilda elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha qariyb 15 ming megavatt quvvatli yangi obyektlar ishga tushirilib, umumiy generatsiya quvvatlari 25,8 gigavattga yetkazildi
 
Ayniqsa, 2021–2025-yillarda umumiy quvvati 5 582 megavattga teng bo‘lgan 15 ta quyosh va 5 ta shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi “yashil” energetikani jadal rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Birgina quyosh va shamol elektr stansiyalar hisobidan 2025-yilda 10,5 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar qariyb 15 milliard kVt⋅soat ishlab chiqarish reja qilinmoqda. Shu bilan birga, umumiy quvvati 8 ming megavattdan ortiq bo‘lgan zamonaviy, energiya tejamkor issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirildi. Gidroelektr stansiyalari quvvati 2 ming 400 megavattdan oshirildi. 
 
Elektr tarmoqlarini rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 110–500 kVli 2 123 km elektr uzatish tarmoqlari qurildi, yuqori kuchlanishli podstansiyalarning quvvati 12 608 MVAga oshirildi. Shuningdek, 77 ming km elektr uzatish tarmoqlari hamda 24 mingdan ziyod transformator punktlari yangilandi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 3,5 milliondan ortiq iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilandi. 
 
Albatta, bu ishlar bilan cheklanib qolmasdan, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar yana qator yangi generatsiya quvvatlari, podstansiyalar, minglab kilometr elektr tarmoqlari hamda zamonaviy transformator punktlari qurilishi va ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 
 
Qadrli energetiklar! 
 
Yuz yillik sharafli tarix davomida to‘plangan boy tajriba va salohiyat mamlakatimiz energetikasini yanada rivojlantirish, sohani chuqur modernizatsiya qilish va barqaror energiya ta’minotini ta’minlashda ishonchli poydevor bo‘lib xizmat qiladi. 
 
Ishonchimiz komilki, sizlarning fidokorona mehnatingiz, yuksak mas’uliyatingiz va kasbiy mahoratingiz energetika sohasining izchil taraqqiyotini ta’minlab, yangi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga, yurtimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, barchamiz birgalikda Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan vazifa va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarib, Prezidentimiz hamda xalqimiz ishonchini oqlash yo‘lida yanada faol va sadoqat bilan xizmat qilamiz
 
Shu fursatdan foydalanib, sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va kasbiy faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilab qolamiz. 

 
 

Hurmat bilan, 
Energetika vaziri 
Jo‘rabek Mirzamahmudov

Manba: https://t.me/minenergy_uz/19736

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati