

Avval xabar berganimizdek, bugun “O‘zbekiston MET” AJning kichik majlislar zalida jamiyat boshqaruvi raisi tashabbusi bilan navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
♦ Tadbirda taniqli olim va adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, publitsist va ma’naviyat targ‘ibotchisi Rahmon Qo‘chqor ishtirok etdi. Boshqaruv raisi maslahatchisi Orif To‘xtashev tomonidan tashkil etilgam davra suhbati “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tashkil etilib, unda xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi, buyuk ajdodlardan meʼros, davlatchilik an’analari, ozodlik yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyilar xotirasi, Vatan va Mustaqillik tushunchalarining ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati haqida mazmunli fikrlar-mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdumalik Abdusalimovich Nazirov so‘zga chiqib, bugungi davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash muhim vazifa ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Jamiyat tizimida xodimlarning nafaqat kasbiy salohiyati, balki ma’naviy dunyosini boyitishga ham ustuvor ahamiyat qaratilayotganini qayd etdi.
Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol qatnashib, mavzu yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbir davomida Boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ulug‘bek Po‘latovich Urunov ham so‘zga chiqib, uchrashuv yuqori saviyada, samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tganini alohida e’tirof etdi. Taniqli olimga mazmunli suhbat, hayotiy fikrlar va ma’naviy ozuqa bergan mulohazalari uchun minnatdorlik bildirib, o‘zining ijod mahsuli — “Qarz” nomli hikoyalar to‘plamini mehmonga esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etdi.
⇒ E’tiborlisi, mazkur davra suhbati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining butun respublika bo‘ylab hududiy filiallari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri (onlayn tarzda) kuzatib borildi. Bu esa ma’naviy-ma’rifiy tadbirning qamrovini yanada kengaytirib, tizim xodimlari o‘rtasida yagona ma’naviy muhit va fikriy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
► Mazkur uchrashuv jamiyat xodimlarining ma’naviy dunyosini boyitish, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, kitobxonlik va tafakkur madaniyatini yuksaltirish yo‘lida muhim ma’rifiy tadbirlardan biri bo‘ldi.
‖ Facebook ‖ Инстаграм ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati