

⚡️ Bugungi kunda elektr ta’minotidagi uzilishlarning asosiy sababi — ishlab chiqarish quvvatining yetishmasligi emas, balki ayrim taqsimlash tarmoqlarining eskirganligidir. Biz yillar davomida to‘planib qolgan tizimli muammolarni bartaraf etishning eng faol bosqichida turibmiz.
⚡️ Masalan, yurtimizdagi mavjud elektr uskunalarining qariyb foizi 40-50 yil oldin o‘rnatilgan bo‘lib, o‘z resursini o‘tab bo‘lgan. Jami 274 ming km tarmoqning 122 ming kilometri (44,5%) va 93 mingta transformatorning 33 mingtasi (35,5%) modernizasiya qilishni talab etadi.
⇒ Aynan shu eskirganlik tufayli jazirama issiq va qahraton sovuq paytlari ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 15-20 foizi manzilga yetib bormay, simlarda «yonib» ketadi (texnologik yo‘qotish sarfi me’yordan oshadi). Qiyoslash uchun, rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 7-8 foizdan oshmaydi.
⇒ Tasavvur qiling, bir yilda boy berilayotgan o‘rtacha 6 milliard kVt·soat «ortiqcha» yo‘qotish — bu 2,5 milliondan ortiq xonadonning 7 oylik iste’moli demakdir. Bugungi islohotlardan maqsad — mana shu isrofning oldini olish.
⇒ So‘nggi 10 yilda uy-joy qurilishi keskin oshdi. 2017–2025-yillarda 350 mingtadan ortiq yangi xonadon foydalanishga topshirildi. Bu yerda qiziq bir holat bor: biz tejamkor LED lampalarga o‘tdik, lekin xonadonlardagi maishiy texnikalar soni bir necha barobarga ko‘paydi.
⇒ 1990-yillarda bitta xonadonda o‘rtacha 3-4 ta lampa, bitta televizor va muzlatgich bo‘lgan. 2026-yilda xonadonlarda 2-3 ta kondisioner, komputerlar, mikroto‘lqinli pechlar, kir va idish yuvish mashinalari, 10 tagacha mobil qurilmalar ishlamoqda.
2016-yilda mamlakat iste’moli 45,7 mlrd kVt·soat bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil yakunida bu ko‘rsatkich qariyb 71 mlrd kVt·soatga yetdi. Iste’molchilar soni esa 8,2 milliondan oshdi.
► Subsidiyadan adolatli bozor sari: uzoq vaqt davomida energiya tannarxidan ancha arzon sotildi. 2024-yilgacha bo‘lgan 295 so‘mlik tarif tannarxning (o‘sha paytdagi 1000 so‘m atrofida) uchdan birini ham qoplamas edi. Bu esa sohani rivojlantirish uchun mablag‘ qoldirmas, davlat budjetiga ulkan yuklama bo‘lib tushar edi.
► Eng muhimi — adolatsizlikka chek qo‘yildi: Ilgari davlat bergan subsidiyaning katta qismi (42 barobar ko‘pi) ehtiyojmand oilalarga emas, balki katta hovlilarda yashab, minglab kVt·soat tok yoqadigan «boy qatlam»ga ketar edi. Bugungi «ijtimoiy norma» tizimi bu adolatsizlikni tuzatdi: kam ta’minlangan oilalar imtiyozli tarifda qoldi, yuqori iste’molchilar esa real bozor narxida to‘lashni boshladi.
⁉️ 2030-yilgacha gacha nimalarga erishamiz?
Tarmoqlardagi uzilishlarga to‘liq barham berish uchun 2030-yilgacha bo‘lgan ulkan dastur ijro etilmoqda:
► 9 885 km yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 53 ta yirik podstansiya qurilmoqda. 23,7 trillion so‘mlik modernizasiya ishlari natijasida texnik yo‘qotishlar 5-6 foizgacha tushiriladi.
► Bu esa 8 milliondan ortiq iste’molchining kamida kelgusi 40 yil davomida muammosiz elektr energiyasi olishini kafolatlaydi.
✍️ Ushbu axborot Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomalar asosida tayyorlandi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati