2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKADA TARG‘IBOT: «Sevimli» telekanali, «YANGI HAYOT» tok-shousi; Mavzu: «YASHIL ENERGIYA»
  • 26.05.2026
  • 11

© «Sevimli» telekanali, «YANGI HAYOT» tok-shousi
 

⚡️ Mavzu: «YASHIL ENERGIYA»

♦ Youtube’da ko‘rish

► O‘zbekistonda yashil energetika, yaʼni quyosh va shamol elektr stansiyalari istiqbollari uchun faol ravishda investitsiyalar jalb qilinishi, davlat budjetidan moliyalashtirish ishlari natijasida nisbatan arzon va ekologiyaga zararsiz qo‘shimcha energiya manbalari yaratilamoqda. Buning natijasida energiya isteʼmolidagi umumiy yuklamaning asta-sekin muqobil energiya manbalari hisobiga normallashib borishiga erishiladi.

► Muqobil energiya manbalari sohadagi aksariyat muammolarga yechim bo‘la oladi. Ammo uni isteʼmolchilarga yetkazish uchun ham mukammal va eskirmagan infratuzilma kerak. Buni esa faqat bozor qonunlari joriy qilingan sohada amalga oshirsa bo‘ladi.

⇔ 2025-yil 5-dekabr kuni O‘zbekiston energetikasi rivojlanishida navbatdagi tarixiy bosqich boshlandi — respublikamizning barcha hududlarida qariyb 11 milliard dollarlik 63 ta loyiha ishga tushirildi va qurilishi boshlandi (shundan 42 ta loyiha ishga tushdi, 21 ta loyiha qurilishi boshlandi).

⇒ 2025-yilda 42 ta loyiha ishga tushirildi: Xususan, quyosh energetikasi bo‘yicha Buxoro, Xorazm, Jizzax, Toshkent va Navoiy viloyatlarida umumiy quvvati 1 413 MVt ga teng bo‘lgan 5 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

Shu bilan bir qatorda, quyosh energetikasiga qo‘shimcha ravishda shamol energetikasi yo‘nalishida ham salmoqli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida umumiy quvvati 752 MVtga teng bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Mazkur yirik generatsiya obyektlarini barqaror tarzda milliy energetika tizimiga ulash maqsadida, keyingi yo‘nalish — energiyani saqlash tizimlaridir. Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Toshkent, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida jami quvvati 1 245 MVt bo‘lgan 10 ta loyiha (energiyani saqlash tizimlari) ishga tushirildi.

Energetika tizimining yana bir muhim tarkibiy qismi bo‘lgan issiqlik va kogeneratsiya elektr stansiyalari ham rivojlantirilmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyati va Toshkent shahrida jami quvvati 1 167 MVt bo‘lgan 1 ta issiqlik elektr stansiyasi va 2 ta kogeneratsiya qurilmasi ishga tushirildi.

⇒ Shuningdek, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 154 MVtga ega 4 ta gidroelektr stansiyasi ishga tushirildi.

✅ Generatsiya quvvatlari kengayishi fonida, ularni isteʼmol markazlariga yetkazish maqsadida elektr tarmoqlari va podstansiyalar infratuzilmasi ham kuchaytirilmoqda. Jumladan, Respublikada umumiy uzunligi 420 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 11 ta podstansiya foydalanishga topshirildi.

✍️ Ushbu axborot Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomalar asosida tayyorlandi. 

‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖ 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmat