

► So‘ngi 9 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish, aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida mamlakatimiz energetika tarixida tub burilish davri bo‘ldi. Bu vaqt ichida tizimga jami 7415 MVt zamonaviy va energotejamkor issiqlik elektr stansiyalari va kogeneratsiya markazlari ishga tushirildi.
✅ Bu shunchaki raqam emas, balki iqtisodiyotimizning jadal o‘sishini taʼminlovchi ulkan “energetik arteriya”dir. Shundan, O‘zbekistonning 6 ta viloyatida (Buxoro, Toshkent, Xorazm, Qashqadare va Sirdaryo viloyatlari) “davlat-xususiy sheriklik” (DXSH) tamoyillari asosida 8 ta umumiy quvvati 3 ming 274 megavatt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi hamda quvvati 100 MVt va 98 Gkal bo‘lgan kogeneratsiya markazi ishga tushirildi.
⇒ Shu bilan birga, 2027-yil yakuniga qadar Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Qatar, Xitoy va Turkiya davlatlarining xalqaro tajribaga ega bo‘lgan kompaniyalari tomonidan umumiy qiymati 2,7 milliard AQSH dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga qo‘shimcha umumiy quvvati 3683 MVt 3 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi va umumiy quvvati 203 MVt va 178 Gkal bo‘lgan 7 ta kogeneratsiya markazlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Xususan:
♦ 2027-yilda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida quvvati 550 megavatt;
♦ 2026-yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1 ming 573 megavatt;
♦ 2027-yil yakuniga qadar Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1 ming 560 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
♦ 2026-2027-yiilar mobaynida Toshkent shahrining 7 ta tumanida quvvati 203 MVt va 178 Gkal bo‘lgan kogeneratsiya markazlari ishga tushiriladi.
► Shuningdek, 2026-yilda Yaponiya mamlakatidan jalb qilingan investitsiya mablag‘lari hisobiga Navoiy IESda quvvati 650 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Energiya balansini diversifikatsiya qilish maqsadida gidroenergetika sohasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Natijada, yangi qurilgan va modernizatsiya qilingan GESlar hisobiga tizimga qo‘shimcha 510 MVt toza energiya manbalari qo‘shildi. Bularning faoliyati yo‘lga qo‘yilishi esa ishlab chiqariladigan elektr energiyasi miqdorini oshirib, uning hatto mamlakatimiz eng olis qishloqlariga ham yetib borishini taʼminlashga xizmat qiladi.
⇒ Har qanday investor albatta foyda olishni ko‘zlaydi. Shu sababli yuqorida sanalgan yirik iqtisodiy loyihalar eng avvalo iqtisodiy tomondan o‘zini oqlashi kerak. Yo‘qsa, zarar bilan ishlovchi har qanday yirik loyihaning umri uzoq bo‘lmaydi.
⚡️ O‘zbekistonda energiya narxi bozor narxidan bir necha barobar arzonligini hisobga olsak, yirik energetika loyihalarining zararini yana davlat kafolatlari ostidagi subsidiyalar orqali yopishga to‘g‘ri keladi. Bu esa ahvolni battar yomonlashtiradi, kelgusi loyihalarni to‘xtatib qo‘yadi. Shu sababli energetika tizimi bozor qoidalari asosida ishlamasa, har qanday loyiha ko‘zlangan samarani bermaydi. Iqtisodiyot rivojlanishi sekinlashadi. Shuning uchun energetikada tariflarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga, narxlarni erkinlashtirishga va bozorga yaqinlashtirishga bugunoq kirishilishi kerak.
⇒ Natijada resurslar tejamkorligi muammosini hal etish masʼuliyati ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchiga topshiriladi. Yetkazib berilayotgan energiya sarfi hisobini yuritish ortiqcha xarajatlarning oldini oladi, taʼminotning teng va barqaror bo‘lishini taʼminlaydi, milliy iqtisodiyotning jadal surʼatlarda o‘sishiga turtki beradi.
‖ Facebook ‖ Instagram ‖ YouTube ‖
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati