

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qay darajada hal etilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan Energetika vazirligining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning hal etilish holati va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Taqdim etilgan axborotga ko‘ra, 2025-yilda sohaga oid jami 108 310 ta, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida esa 40 312 ta murojaat kelib tushgan. Eng muhimi, o‘tgan yilda kelib tushgan murojaatlardan 101 372 tasi qanoatlantirilgan.
Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlar bilan bog‘liq kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan ham bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, joriy yilning mart oyidan barcha hududlardagi suyultirilgan gaz iste’molchilariga “Face-id” tizimi orqali manzilli yetkazib berilmoqda.
Eshituv davomida deputatlar tomonidan aholini 35-40 kun oralig‘ida suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi ishlarni to‘liq yakuniga yetkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, sohada hali o‘z yechimini kutayotgan va aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator tizimli masalalarga vazirlik rahbariyatining e’tiborini qaratdi.
Deputatlar tomonidan sohada aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli darajada bajarilishini ta’minlash ustidan nazoratni kuchaytirish mazkur sohada murojaatlarning kamayishiga, ayrim holatlarning oldini olishga imkon berishi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan sohada ish olib boruvchi xodimlarning malakasini oshirish, vazirlik hududiy boshqarmalarida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holatini muntazam o‘rganib borish, murojaatlarni ko‘rib chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik xabardorligini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
—Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga amaliy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi qo‘mita a’zosi Rahmatillo Shukurov. — Ayniqsa, energetika sohasida kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish, ularni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish aholi farovonligini ta’minlash, fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilashga bevosita xizmat qiladi. Shu bois yig‘ilishda mazkur sohada saylovchilar tomonidan bildirilayotgan murojaatlar va ko‘tarilayotgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, ularni hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida ushbu masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Manba: https://parliament.gov.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati