2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Dunyo energetik xavfsizlikka sarmoya kiritmoqda: Nega energiya transformatsiyasi endi faqat iqlim masalasi emas?
  • 23.06.2026
  • 8

#xorij_xabarlari #yashil_energiya

Dunyo energetik xavfsizlikka sarmoya kiritmoqda: Nega energiya transformatsiyasi endi faqat iqlim masalasi emas ?

2026-yilda global energetika sohasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi rekord darajaga — 3,4 trillion AQSH dollariga yetishi kutilmoqda (+5%).
Shundan qariyb uchdan ikki qismi — 2,2 trillion dollar qayta tiklanuvchi energiya manbalari, atom energetikasi, elektr tarmoqlari, energiya saqlash tizimlari va elektrlashtirish loyihalariga yo‘naltiriladi.

Neft, gaz va ko‘mir sohalariga esa 1,2 trillion dollar investitsiya kiritilishi prognoz qilinmoqda.

Avvallari energiya transformatsiyasining asosiy omili iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda asosiy ustuvorlik — energetik xavfsizlikni ta’minlash masalasiga aylanmoqda.

Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi xatarlar hukumatlar hamda investorlarni geosiyosiy tavakkalchiliklarni kamaytirish maqsadida mahalliy generatsiya quvvatlarini rivojlantirishga undamoqda.

♦ Asosiy investitsiya yo‘nalishlari:

• Quyosh energetikasi — 365 milliard dollar. So‘nggi o‘n yilda 1 GVt quyosh quvvatlarini yaratish xarajati 3 milliard dollardan 700 million dollargacha kamaydi, yangi quvvatlarni ishga tushirish hajmi esa 10 baravar oshdi. Quyosh panellari importi bo‘yicha eng yuqori o‘sish Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda kuzatilmoqda.

• Shamol energetikasi — 200 milliard dollar.

• Gidroenergetika — 75 milliard dollar.

• Atom energetikasi — 80 milliard dollar. Bugungi kunda 15 mamlakatda umumiy quvvati 78 GVt bo‘lgan yangi obyektlar qurilmoqda, 40 dan ortiq davlat ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini qabul qilgan.

• Elektr tarmoqlari — 550 milliard dollar (+20%) va energiya saqlash tizimlariga — 100 milliard dollar. Elektr tarmoqlari energiya transformatsiyasining eng zaif bo‘g‘inlaridan biriga aylanmoqda.

• Energiya samaradorligi — 350 milliard dollar.

Bugungi kunda global energetika investitsiyalarining 60 foizi elektr energiyasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari elektr energiyasiga bo‘lgan talabning asosiy drayveriga aylanmoqda. Faqatgina data-markazlar infratuzilmasiga 2025-yilda 100 milliard dollar yo‘naltirildi. Bu Afrika qit’asidagi jami energetika investitsiyalaridan ham ko‘proqdir.

Qayta tiklanuvchi energiya, elektrlashtirish va energiya samaradorligiga yo‘naltirilgan investitsiyalar 2025-yilda yirik energiya import qiluvchi mamlakatlarga yoqilg‘i importi xarajatlarini 260 milliard dollarga qisqartirish imkonini berdi. Shundan 110 milliard dollari Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

⇒ Energiya transformatsiyasi endi faqat ekologik tashabbus emas. U iqtisodiyotni tashqi xatarlar va geosiyosiy beqarorlikdan himoya qiluvchi strategik vositaga aylanmoqda.

Shu sababli «yashil» investitsiyalarning bugungi o‘sish sur’ati avvalgi davrlarga nisbatan yanada barqaror bo‘lishi mumkin.

⇒ Generatsiyada “yashil” energiya ulushining ortishi tabiiy gazga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirmoqda 

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20201 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmati