

“Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz “Elektr tarmoqlari”dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor” — Energetika vaziri tadbirkorlarga
Yangiyo‘l tumanida Energetika vaziri Sherzod Xodjayev hamda tuman hokimi San’atbek Jumaniyazov ishtirokida tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda tumanda faoliyat yuritayotgan 27 nafar tadbirkor ishtirok etib, (17 ta elektr va 6 ta gaz va boshqa) elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, tarmoqlardagi uzilishlar, yoz oylarida elektr quvvati va qish mavsumida gaz bosimining yetarli emasligi, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shart olish, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik hamda boshqa masalalar yuzasidan o‘z murojaat va takliflarini bildirdi.
Muloqot davomida ko‘tarilgan murojaatlarning bir qismi yuzasidan shu yerning o‘zida amaliy yechimlar belgilandi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha esa tadbirkorlarga batafsil tushuntirishlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan joyiga chiqqan holda qo‘shimcha o‘rganish o‘tkazilishi hamda natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi belgilandi.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish yoki ularning miqdorini kamaytirish Energetika vazirligi vakolatiga kirmasligi, bunday masalalar amaldagi qonunchilikka muvofiq sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berildi.
Tadbirkorlarga elektr va gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron tarzda rasmiylashtirilishi, bu kabi masalalarni elektr yoki gaz ta’minoti korxonalari xodimlari bilan norasmiy tartibda hal etishga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, agar tizim xodimlari tomonidan manfaat evaziga noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, tadbirkorlardan bu haqda tegishli organlarga yoki Energetika vazirligiga murojaat qilish so‘raldi. Bunday holatlarga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda taqdim etilishi ma’lum qilindi.
“Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, siz “Elektr tarmoqlari”dan iltimos qilmang, talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor”, dedi energetika vaziri tadbirkorlar bilan uchrashuvda.
Ochiq muloqotlar davom ettiriladi. Yangiyo‘l tumani va boshqa yana 14 ta tumanda shtablar faoliyati davom etmoqda.
Манба: https://t.me/minenergy_uz/20647
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati