2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
Nosozlik sababi — qurilish tashkiloti avtokrani ruxsat etilmagan masofaga yaqinlashgan
  • 12.08.2026
  • 34

Bugun soat 13:24 da Namangan viloyatida joylashgan “Sardor” podstansiyasidan chiquvchi 110 kV kuchlanishli L-S-P elektr uzatish tarmog‘i himoya tizimi ishlashi oqibatida qisqa muddatga o‘chgan edi.

Natijada Pop tumani va To‘raqo‘rg‘on tumanlarining ayrim hududlari isteʼmolchilari elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar sodir bo‘ldi.

Isteʼmolchilar zudlik bilan zaxira manbalar orqali taʼminlanib, mazkur holat tezkor navbatchi brigada aʼzolari tomonidan o‘rganildi. Maʼlum bo‘lishicha, 110 kV kuchlanishli tarmoqning 10–11-sonli tayanch ustunlari oralig‘i “A” fazasi simiga qurilish tashkiloti avtokrannining uzatma moslamasi (“strela”si) ruxsat etilmagan masofaga yaqinlashgan sababli qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

Qisqa tutashuv izlari elektr uzatish tarmog‘i sim-arqonida, avtokranning uzatma moslamasi hamda g‘ildiraklarida o‘z aksini qoldirgan. Mutaxassislar tomonidan qurilish avtokrani liniyaning muhofaza zonasidan chiqarilgan, tegishli qaydnoma yurgizilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.



E’tiborli bo‘ling! Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi!

Eʼtibor bering, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori, 3-bob, 13-bandiga muvofiq Elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari – ushbu elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlari o‘z ixtiyorida bo‘lgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan.

 Qarorning 14-bandida elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarining "muhofaza zonalari" masofasi — elektr uzatish liniyalarining kuchlanish miqdoriga mos tarzda belgilab berilgan va ular quyidagicha:

- 35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 15 metr;

- 110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 20 metr;

- 220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 25 metr;

- 500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun – 30 metr.


- Eslatib o‘tamiz, elektr uzatish havo liniyalari bo‘ylab — chetdagi simlardan, ularning og‘magan holatida elektr uzatish liniyasining ikkala tomoni bo‘ylab, elektr uzatish liniyasi tayanchi balandligiga mos bo‘lgan balandlikdagi masofaga ega parallel vertikal tekisliklar bilan chegaralangan yer uchastkasi va havo makoni qismi — elektr uzatish liniyalarining “muhofaza zonasi” deb ataladi.

- Batafsil https://t.me/uzmetaxborotxizmati/59075

-«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati