2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Kelib tushgan murojaatlar
RASMIY IZOH: Navbatchi elektr montyorlarining ish haqi amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq to‘lanmoqda
  • 13.08.2026
  • 56

Ijtimoiy tarmoqlarda «ELEKTROMONTYORLARNING ISH HAQI QAYERGA G‘OYIB BO‘LMOQDA?» sarlavhali maqolada «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali elektr montyorlari 24 soat navbatchilik qilsa-da, ish haqi faqat 18 soat uchun hisoblanayotgani haqida maʼlumot tarqatilgan.

Mazkur holat yuzasidan maʼlum qilamizki, «Qashqadaryo MET» filialining 35/6 kV hamda 35/10 kV kuchlanishli podstansiyalarida navbatchi elektr montyorlari smena asosida xizmat olib boradi. Navbatchilik faoliyati “Aktiv” va “Passiv” holatlardan iborat bo‘lib, “Aktiv” holatda elektr uskunalarini o‘chirish-qo‘shish hamda boshqa tezkor ishlar amalga oshiriladi. “Passiv” holatda esa o‘chirish-qo‘shish ishlari amalga oshirilmagan vaqtda navbatchi elektr montyorga dam olish imkoniyati beriladi.

Shu sababli, 24 soatlik navbatchilikda bo‘lishni 24 soat uzluksiz mehnat qilingan vaqt sifatida baholash mumkin emas. Navbatchilikda xodimning ish vaqti va dam olish vaqti belgilangan tartibda ajratib hisobga olinadi.

Mehnat kodeksining 199-moddasi talablariga ko‘ra, ishlab chiqarish (ish) sharoitlari tufayli xodimlar uchun belgilangan kunlik yoki haftalik ish vaqti davomiyligiga rioya etish imkoni bo‘lmagan hollarda ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilishi mumkin. Bunda hisobga olish davridagi ish vaqti belgilangan ish soatlari normasidan oshmasligi, kunlik ish (smena) davomiyligi esa 12 soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.

Shunga muvofiq, filialda navbatchi elektr montyorlarining ish vaqti qonunchilikda belgilangan talablar asosida hisobga olinadi. Bunda navbatchilik davridagi “Aktiv” holatda bajarilgan mehnat vaqti, shuningdek, “Passiv” holatda xodimga berilgan dam olish vaqti tegishli tartibda inobatga olinadi.

Bundan tashqari, soat 22:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi. Tungi vaqtga to‘g‘ri keladigan ish vaqti qonunchilik talablariga muvofiq hisobga olinadi va tungi vaqtdagi mehnat uchun belgilangan tartibda oshirilgan miqdorda haq to‘lanadi.

Shu tariqa, navbatchi elektr montyorlarining navbatchilik vaqti, ish vaqti, dam olish vaqti hamda tungi vaqtdagi mehnati alohida tartibda hisobga olinib, mehnatga haq to‘lash amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan maqolada keltirilgan «24 soat navbatchilik qilib, faqat 18 soat uchun ish haqi olinmoqda» mazmunidagi daʼvolar 24 soatlik navbatchilik tushunchasi bilan xodimning haqiqatdagi ish vaqti hisobini bir-biriga tenglashtirish natijasida yuzaga kelgan noto‘g‘ri talqin ekanligini maʼlum qilamiz.

«Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali maʼmuriyati