2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Mahalla energetika pasporti nima beradi va nimani o‘zgartiradi?
  • 13.08.2026
  • 33

https://t.me/minenergy_uz/20710

Avvalo, energetika pasporti nima uchun kerak?

Mahallada elektr va tabiiy gaz ta’minotiga oid ma’lumotlar tarqoq holda emas, yagona tizimda ko‘rinishi uchun.

Unda iste’molchilar soni va tarkibi, iste’mol hajmi, mavjud quvvat, infratuzilmaning tarkibi va texnik holati, quvvat zaxirasi, yangi iste’molchilarni ulash imkoniyatlari va modernizatsiya ehtiyoji kabi ma’lumotlar jamlanadi.

Bu ma’lumot kimga kerak?

Avvalo, energetika sohasi mutaxassislariga.

Chunki ular hududdagi vaziyatni yaxlit ko‘rishi, iste’mol va yuklamani tahlil qilishi, texnik va tijoriy yo‘qotishlar, hisobga olinmagan iste’mol yoki belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan ulanishlar mavjud bo‘lsa, ularni aniqlash bo‘yicha ish olib borishi mumkin.

Tadbirkor (biznes) uchun qanday ahamiyati bor?

Mavjud tadbirkorlik va ishlab chiqarish obyektlarining iste’moli, ulardagi yuklama hamda hududdagi mavjud energetik imkoniyatlar birgalikda baholanadi.

Iste’mol hajmi o‘zgarsa yoki qo‘shimcha quvvatga ehtiyoj paydo bo‘lsa, buni hududning umumiy energetik holati bilan birga ko‘rish va zarur infratuzilmani kuchaytirish masalasini rejalashtirishga asos bo‘ladi.

Maktab, bog‘cha yoki poliklinika-chi?

Ularning ham energiya iste’moli hududning umumiy energetik balansida hisobga olinadi. Bu ijtimoiy obyektlar ehtiyojini rejalashtirishda foydalaniladi.

Aholi uchun-chi?

Aholi uchun asosiy ma’nosi — uning mahallasida energetika tizimining holati haqida aniqroq ma’lumot paydo bo‘lishi.

Masalan, qaysi tarmoq yuqori yuklamada ishlayapti, qayerda quvvat zaxirasi cheklangan, qayerda texnik holatni yaxshilash yoki qo‘shimcha infratuzilma masalasini ko‘rib chiqish zarur — shu kabi masalalarni belgilash osonlashadi.

Buning natijasida elektr ta’minoti darhol yaxshilanadimi?

Yo‘q. Energetika pasportining o‘zi tarmoqni ta’mirlamaydi yoki quvvatni oshirmaydi.

Uning vazifasi boshqa: hududdagi holatni aniq ma’lumotlar asosida ko‘rish va qaysi masalalarni birinchi navbatda hal qilish kerakligini belgilashga yordam berish.
Keyingi ishlar esa aniqlangan ehtiyoj, texnik imkoniyat va mavjud resurslardan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Shu ma’noda Mahalla energetika pasporti — va’da emas, qaror qabul qilish uchun ma’lumot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.

Telegram https://t.me/minenergy_uz