

Dunyoda elektr energetika tizimida mutlaqo avariya bo‘lmaydigan mamlakat yoki tizim yo‘q. Elektr stansiyasidagi texnik nosozlik, yuqori kuchlanishli tarmoqda uzilish, uskunaning ishdan chiqishi, tabiiy ofat yoki noqulay ob-havo sharoiti — bularning har biri elektr tizimi ishiga ta’sir qilishi mumkin.
Ammo energetika tizimining haqiqiy barqarorligi avariya umuman sodir bo‘lmasligi bilan emas, avariya yuz bergan taqdirda uning butun tizim bo‘ylab tarqalib ketishining oldini olish, ta’sirini cheklash va elektr ta’minotini tezkor tiklash imkoniyati bilan belgilanadi.
Buning uchun zamonaviy elektr energetika tizimida avariyaga qarshi avtomatika muhim o‘rin tutadi.
Avariyaga qarshi avtomatika — tizimda xavfli o‘zgarishlar yuz berganda ularni tezda aniqlab, oldindan belgilangan algoritm asosida zarur himoya choralarini avtomatik ravishda amalga oshiradigan tizim.
Masalan, tarmoqning bir qismida avariya sodir bo‘lsa, avtomatika uning ta’siri boshqa tarmoqlar, podstansiyalar yoki elektr stansiyalariga o‘tib ketmasligi uchun uskunalarni ajratishi, yuklamani qayta taqsimlashi yoki tizimning ayrim qismlarini himoya rejimiga o‘tkazishi mumkin.
Bunda avtomatika faqat o‘rnatilgan bo‘lishi yetarli emas. U to‘g‘ri hisob-kitob qilinishi, loyihalanishi, sozlanishi, muntazam sinovdan o‘tkazilishi va har qanday ish rejimida ishlashga tayyor holatda saqlanishi kerak.
O‘zbekiston energetika tizimida ham rele himoyasi va avariyaga qarshi avtomatika tizimlari shu maqsadda doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston elektr energetika tizimi Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘langan yagona energetika tizimi tarkibida ishlaydi.
Bu tizimda mamlakatlar o‘rtasida elektr energiyasi oqimlari, chastota va boshqa muhim parametrlarni muvofiqlashtirish talab etiladi. Shu sababli har bir mamlakatning ichki avtomatikasi bilan bir qatorda tizimlararo avariyaga qarshi avtomatika va muvofiqlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi ham muhim ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo elektr tizimlarining parallel ishlashini muvofiqlashtirish, transchegaraviy elektr oqimlarini operativ boshqarish va tizimlararo avariyaga qarshi himoya choralarini muvofiqlashtirish Toshkentda joylashgan Markaziy Osiyo energetika tizimlarini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Bunday tizimning asosiy maqsadi — bir nuqtada yuzaga kelgan avariyaning boshqa hududlarga tarqalib, kaskadli avariyaga aylanishining oldini olish.
Buning ahamiyatini dunyodagi yirik avariyalar ham ko‘rsatadi. Masalan, 2025-yil 28-aprelda Ispaniya va Portugaliyada yuz bergan yirik avariya natijasida ikki mamlakat elektr tizimining katta qismi ishdan chiqib, elektr ta’minoti deyarli to‘liq uzilgan. Hodisa bir nechta jarayonlarning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelib, kuchlanishning tez o‘zgarishi va generatsiya quvvatlarining ketma-ket tarmoqdan ajralishi kaskadli uzilishga olib kelgan.
Bu misol energetikadagi muhim tamoyilni ko‘rsatadi: avariyaning o‘zi har doim ham eng katta xavf emas. Asosiy xavf — uning ta’siri kengayib, butun tizim ishiga ta’sir ko‘rsatishi.
Kechagi avariyada esa avariya oqibatlarini tezkor cheklash, tizim ishini nazoratda ushlab turish va elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklashda avariyaga qarshi avtomatika, dispetcherlik boshqaruvi va joylardagi mutaxassislarning muvofiqlashgan harakatlari muhim rol o‘ynadi.
Energetika tizimi — bu faqat elektr stansiyalari, podstansiyalar va elektr uzatish liniyalari emas. Bu bir-biri bilan uzluksiz bog‘langan murakkab texnologik tizim va uni boshqarayotgan yuqori malakali mutaxassislar jamoasidir.
Shuning uchun tizim ishonchliligi faqat avariyalarning oldini olish bilan emas, balki avariya sodir bo‘lgan taqdirda uni tezda aniqlash, lokallashtirish, kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va elektr ta’minotini qisqa vaqtda tiklash imkoniyati bilan ham ta’minlanadi.
Kechagi avariyani tezkor bartaraf etishda ishtirok etgan barcha energetiklarga, shu jumladan, dispetcherlar va tezkor brigadalarga minnatdorlik bildiramiz.
Telegram https://t.me/minenergy_uz/20753