

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov rahbarligida 2026-yil 4-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishning 125-son bayoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoz mavsumida yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan “Dolzarb 60 kun” tadbirlari doirasida “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filialida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Tadbirda Samarqand shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari ishtirok etib, filial xodimlariga yong‘in sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilish, xavfsizlik choralariga rioya etish va favqulodda vaziyatlarda tezkorlik bilan ish olib borish bo‘yicha tushuntirishlar berdilar.
Mashg‘ulot davomida birlamchi o‘t o‘chirish vositalari, o‘t o‘chirish qalqonlari va yong‘in gidrantlaridan foydalanish tartibi amaliy tarzda namoyish etildi.
Shuningdek, ish xonalarida tutun yoki olov paydo bo‘lishi kabi holatlarda xodimlarning o‘zini qanday tutishi kerakligi ko‘rsatib berildi. Jumladan, tutun bosgan hududlarda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish, imkon qadar pastroq holatda yurish va olov kuchli bo‘lgan joylarga yaqinlashmaslik yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, xo‘jalik xizmati xodimlari hamda qorovullarga ko‘p qavatli binolarda yong‘in yuz bergan taqdirda odamlarni xavfsiz hududga chiqarish va zarur hollarda tashqaridagi fuqarolardan yordam so‘rash tartibi tushuntirildi. Binoning tom qismiga chiqish zarurati yuzaga kelganda esa, alanga yetib borish xavfi bo‘lmagan holatdagina zaxira chiqish yo‘llari va temir zinapoyalardan foydalanish mumkinligi ta’kidlandi.
«SAMARQAND MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI