

#yashil_energiya
Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib tuhfa: Bo‘stonliq tumanida 20 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiya foydalanishga topshirildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Tzyun (Yu Jun), Savdo-sanoat palatasi hamda mutasaddi energetika va qurilish kompaniyalari vakillari, “O‘zbekgidroenergo” AJ masʼul xodimlari, Toshkent viloyati va Bo‘stonliq tumani hokimligi vakillari, hududiy faollar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, o‘zaro ishonch va samarali hamkorlikning yana bir yorqin natijasi bo‘ldi.
Loyihani amalga oshirish uchun Xitoy Hukumati tomonidan 28 million AQSH dollari miqdoridagi beg‘araz grant mablag‘i ajratildi.
Bugungi kunda “Chorbog‘” shamol elektr stansiyasi foydalanishga to‘liq tayyor holga keltirildi va eng aziz va eng ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib tuhfa sifatida ishga tushirilmoqda.
Loyiha doirasida har biri 5 MVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta zamonaviy shamol turbinasi o‘rnatildi.
Stansiyaning umumiy quvvati 20 MVtni tashkil etib, u yiliga 50 mln kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.
Bu esa qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini taʼminlash hamda mamlakatimiz energetika tizimi barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, stansiya faoliyati natijasida har yili yuz minglab kub metr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi sezilarli darajada qisqaradi. Bu esa mamlakatimizning ekologik barqarorlikni taʼminlash, uglerod izini kamaytirish hamda xalqaro iqlim majburiyatlarini bajarishga qaratilgan saʼy-harakatlariga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.