2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: O‘zbekistonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan energetika obyektlari ishga tushirildi
  • 26.08.2026
  • 9

O‘zbekistonda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yirik bo‘lgan energetika obyektlari ishga tushirildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda umumiy quvvati 2 423 MVt bo‘lgan elektr stansiyalar ishga tushirildi.
 
(1 573 MVt — issiqlik elektr stansiyasi, 300 MVt — quyosh, 200 MVt — shamol elektr stansiyalari hamda 350 MVt — energiya saqlash tizimlari. Loyihalarning umumiy qiymati — 1,7 mlrd dollar)

Xususan:

► Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1 573 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.
 
Stansiya yiliga 13 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Uning foydali ish koeffitsienti 61,7 foizni tashkil etib, buning hisobiga yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaladi.
 
Umumiy qiymati 900 mln dollar bo‘lgan mazkur loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi. Loyiha Fransiyaning “EDF”, Qatarning “Nebras Power”, Yaponiyaning “Sojitz Corporation” va “Kyuden International” kompaniyalari konsorsiumi hamkorligida ishga tushirildi.
 
Stansiya qurilishi davrida 3 000 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, ishga tushirilgandan so‘ng 120 ta doimiy ish o‘rni tashkil etildi.
 
► Navoiy viloyatining Nurota tumanida 300 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi va 150 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
 
Loyihaning qiymati 390 mln dollar bo‘lib, u Xitoyning “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgandan so‘ng 30 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
 
Loyihaning samarasi: yiliga 657 mln kVt·soat yoki 273 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi, 175 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi hamda 377 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.
 
► Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida 200 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi hamda 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Loyihaning qiymati 263 mln dollar bo‘lib, Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha natijasida yiliga 701 mln kVt·soat yoki 292 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi, 187 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi hamda 403 ming tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi. Loyiha doirasida 25 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
 
► Namangan viloyatining Uychi tumanida 100 MVt quvvatli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.
 
Qiymati 110 mln dollar bo‘lgan mazkur loyiha Xitoyning “China Energy Overseas Investment Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
 
Loyihaning samarasi: elektr energiyasini bir kunda ikki mahal, 2 soatdan, 100 MVt (200 MVt·soat) quvvatda zaxiralash va undan elektr tarmog‘idagi yuklama yuqori bo‘lgan vaqtlarda tizim barqarorligini ta’minlash maqsadida foydalanish imkoniyati yaratildi. Loyiha ishga tushgandan so‘ng 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/20859

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

http://t.me/uzmetaxborotxizmat