

Bugun, 21-sentyabr kuni soat 11:18da yuk avtomobili chiqindi to‘kish maqsadida kuzovini ko‘targanda, Qashqadaryo viloyatidan Samarqand viloyatiga elektr energiyasi uzatiladigan 500 kV kuchlanishli “L-527” elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketgan. Natijada ushbu tarmoq avariyaviy o‘chgan.
Mazkur tarmoq yagona 500 kVli elektr uzatish tizimi zanjirining bir qismi hisoblanib, uning o‘chishi Buxoro viloyatidagi shamol elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatiga ham ta’sir ko‘rsatgan — natijada ushbu shamol stansiyalarning ishlab chiqarish hajmi 270 MVtga kamaygan.
Shunga qaramay, energetika tizimidagi avariyaga qarshi himoya tizimlari o‘z vaqtida ishga tushib, yirik nosozliklarning oldi olingan, zaxira quvvatlar hisobiga esa ushbu avariya iste’molchilarning elektr ta’minotiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.
Energetiklar tomonidan zarur choralar ko‘rilib, nosozlik soat 11:37da bartaraf etildi va elektr uzatish tarmog‘i qayta ishga tushirildi. Energetiklar voqea joyiga yetib borganda, e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan avtomobil haydovchisi voqea joyida bo‘lmagan.
Hurmatli haydovchilar, elektr uzatish tarmog‘i o‘tgan hududlarda texnika xavfsizligiga rioya qiling, bu, avvalo, o‘z hayotingiz xavfsizligini ta’minlash bo‘lsa, qolaversa, iste’molchilarning elektr ta’minoti barqarorligiga ham xizmat qiladi.
Elektr tarmog‘i yaqinidagi ehtiyozsizlik — inson hayotiga ham, energetika tizimiga ham, minglab xonadonlarning ta’minotiga ham tahdid bo‘lishi mumkin.
Hodisa yuzasidan yuk avtomobili haydovchisining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/21137
Energetika vazirligining rasmiy kanali