Yangi boshqaruv modeli taklif qilindi
Endilikda energetika loyihalari, eng avvalo, iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojidan kelib chiqib shakllantiriladi.
✔ Avval talab aniqlanadi, keyin zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi.
► Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyor boʻlgan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.
Har bir idoraning vazifa va javobgarligi aniq belgilanadi:
✔Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi;
✔Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun javob beradi;
✔Energetika bozori regulyatori bozor munosabatlari va tariflarni tartibga soladi.
Investitsiyalar sohasiga masʼul idoralar investorlarni ochiq tanlov asosida jalb qiladi, mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal etadi.
Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojning aniq prognozini shakllantirish, shu asosda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi.
Bu generatsiya quvvatlari, elektr tarmoqlari va zarur infratuzilmani o‘zaro muvofiq holda oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
♻️ Uzoq muddatli istiqbolda esa 2050-yilgacha yoqilgʻi-energetika resurslari bilan taʼminlash konsepsiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Unda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy oʻsish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish, shuningdek, energetika xavfsizligini taʼminlash masalalari kompleks hisobga olinadi.
Konsepsiyani har besh yilda qayta koʻrib chiqish taklif qilindi.
Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli data-markazlarni rivojlantirish uchun yangi energetika infratuzilmasi yaratiladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining katta salohiyatidan foydalangan holda raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish bo‘yicha alohida dastur qabul qilingan.
Prezidentimizning topshiriqlariga muvofiq, Nukus tumanida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan data-markazlarni o‘z ichiga oladigan texnopark tashkil etiladi. Ushbu texnoparkni “yashil” energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istondagi istiqbolli shamol elektr stansiyalari quvvatlarini data-markazlar bilan bog‘lash uchun yangi elektr infratuzilmasi barpo etiladi.
Xususan, 500/220 kV kuchlanishli yangi podstansiya hamda qo‘shimcha 220 kV elektr uzatish tarmog‘i quriladi. Bu infratuzilma Nukusdagi data-markazlarni mintaqadagi 3,3 GVt quvvatli shamol elektr stansiyalari bilan bog‘lash va ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bunda data-markazlarning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud iste’moliga ta’sir ko‘rsatmagan holda ta’minlanadi. Buning uchun data-markazlarni alohida hududda jamlash va ularni zarur energetika infratuzilmasi bilan ta’minlashga kompleks yondashiladi.
Data-markazlarni bir joyda joylashtirish orqali infratuzilmaga sarflanadigan xarajatlarni maqbullashtirish, elektr ta’minotini samarali tashkil etish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, tashkil etiladigan ushbu yirik data-markazlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun raqamli xizmatlar va yuqori texnologiyali yechimlarni taqdim etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi energetika infratuzilmasinining birinchi bosqichi 2027-yilning 2-yarim yilligida hamda to‘liq quvvatda 2028-yilning 2-yarim yilligida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Loyihani amalga oshirish natijasida yangi data-markazlarni elektr energetika tizimiga integratsiya qilish, yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish va Qoraqalpog‘istonning mavjud energetik salohiyatidan samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Manba: https://t.me/minenergy_uz/21148
https://t.me/minenergy_uz/21149
https://t.me/minenergy_uz/21150
https://t.me/minenergy_uz/21151
https://t.me/minenergy_uz/21152
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati




