

Aziz o‘qituvchi va murabbiylar, qadrli ustozlar!
Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan Energetika vazirligi jamoasi nomidan samimiy muborakbod etamiz!
Ustoz — inson qalbiga ilm bilan birga ishonch, ezgulik va kelajakka intilish tuyg‘usini singdiradigan ulug‘ kasb egasidir. Siz bergan bilim va tarbiya yillar o‘tgan sari shogirdlaringizning faoliyati, izlanishlari va erishayotgan yutuqlarida o‘z ifodasini topadi.
Bugun mamlakatimiz yoqilg‘i-energetika sohasida mehnat qilayotgan minglab mutaxassislar safida siz ta’lim va tarbiya bergan, ustozlardan olgan bilimini yurtimiz ravnaqi yo‘lida namoyon etayotgan fidoyi insonlar bor.
Sohamizning ertangi kuni ham, avvalo, bilimli, malakali va Vataniga sadoqatli yosh mutaxassislarni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq.
Shu ezgu va sharafli yo‘ldagi mehnatingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Har biringizga sihat-salomatlik, xotirjamlik, oilaviy baxt va qalbingizdagi ezgu niyatlaringiz ro‘yobini tilaymiz. Shogirdlaringizning yutuqlari hamisha sizga quvonch va faxr bag‘ishlasin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Hurmat bilan,
Sherzod Xodjayev,
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri
Manba: https://t.me/minenergy_uz/21225