2019–2024-yillardagi maʼlumotlar ushbu havolada    arxiv.uzbekistonmet.uz
Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Samarqanddan Toshkentgacha 500 kV kuchlanishli ikki zanjirli yangi elektr uzatish tarmog‘i qurilmoqda
  • 03.10.2026
  • 5

⚡️Samarqanddan Toshkentgacha 500 kV kuchlanishli ikki zanjirli yangi elektr uzatish tarmog‘i qurilmoqda

Samarqand viloyatining Nurobod tumanida Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik energetika loyihasi amalga oshirilmoqda.

► Loyiha doirasida 1000 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi, 1336 MVt·soatlik elektr energiyasini saqlash tizimi, shuningdek, yangi 500 kV va 220 kVli elektr uzatish tarmoqlari qurilmoqda.

Loyihaning muhim qismi — Nurobod tumanidan Toshkent viloyatidagi “Halqa” podstansiyasigacha bo‘lgan 350 km uzunlikdagi ikki zanjirli 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i. Mazkur tarmoq Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududidan o‘tadi. Ayni paytda tarmoq tayanchlari uchun fundament ishlari yakunlanib, tayanchlarni o‘rnatish ishlari boshlangan.

Mazkur tarmoq uchun Markaziy Osiyoda ilk bor yangi konstruksiyadagi 500 kVli ikki zanjirli elektr uzatish tayanchlari qo‘llanilmoqda. Ushbu tayanchlar maxsus yangi dizayn asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, ularning texnik yechimlari Hindistonning “Larsen & Toubro” kompaniyasi tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. Bu esa loyiha doirasida qo‘llanilayotgan tayanch konstruksiyalarining Markaziy Osiyo energetika infratuzilmasida yangi yechim ekanini ko‘rsatadi.

Shuningdek, loyiha doirasida yana 150 km uzunlikdagi 220 kVli elektr uzatish tarmog‘i barpo etilmoqda. Hozirda ushbu tarmoq qurilishining 50 foizi yakunlangan bo‘lib, uni 2027-yil may oyida to‘liq bitkazish rejalashtirilgan. Natijada loyiha doirasida jami 500 kmelektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi.

500 kVli Nurobod — Toshkent “Halqa” elektr uzatish tarmog‘i qurilishini 2028-yilning birinchi choragida yakunlash rejalashtirilgan.

Yangi elektr uzatish tarmoqlari Nurobodda barpo etilayotgan quyosh stansiyasi va energiya saqlash tizimini yagona elektr tarmog‘iga samarali integratsiya qilish, Markaziy hududda shakllanayotgan yangi generatsiya quvvatlaridan elektr energiyasini Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda vodiy viloyatlariga uzatish imkoniyatlarini kengaytirish, shu orqali mazkur hududlarning elektr ta’minoti barqarorligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/21232 

«Özbekiston MET» AJ Axborot xizmati