
Xorazm viloyatida kuz-qish mavsumida energetika sohasi obyektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini tezkor bartaraf etishga tayyorgarlik darajasini oshirish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik N.B. Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh hamda hamkor tashkilotlar vakillari «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filialiga qarashli 220/110/10 kV kuchlanishli «Xorazm» podstansiyasida bo‘lishdi.
Tashrif davomida podstansiyaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Mashg‘ulotlar davomida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar sharoitida tezkor va to‘g‘ri harakat qilish, shuningdek, xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan vazifalar bajarildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari energetika obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarga doimiy tayyorgarlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
«XORAZM MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI