
Toshkentning ayrim hududlarida elektr ta’minotida kuzatilgan uzilish qisqa vaqtda qayta tiklandi
Bugun, 19-oktyabr kuni soat 19:05 da Qibray tumanida joylashgan “Aksa Toshkent” issiqlik elektr stansiyasidagi transformator himoya tizimi ishga tushishi natijasida stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamayishi kuzatildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga stansiyaning T-5 transformatoridagi shikastlanish sabab bo‘lgan.
Buning oqibatida Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatildi.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da esa zaxira manbalar orqali ta’minot to‘liq tiklangan.
Soat 19:38 da barcha iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklangan.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.
—
Elektr ta’minotidagi ushbu uzilishga “Aksa Toshkent” IESning ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab bo‘lgan.
Natijada himoya tizimi ishga tushib, elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan.
Holat aks etgan video kuzatuv kamerasi yozuvlaridan olindi.
Shu o‘rinda fuqarolardan elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmasliklarini so‘raymiz. Bu kabi holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati