

O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston keyingi sutkaga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha umumiy savdo maydonchasini ochadi. “Energiya” markazi savdo qoidalarini ishlab chiqadigan, platformani ishga tushiradigan va bozorni dastlabki ikki yil boshqaradigan kompaniyani tanlashga kirishdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida elektr energiyasi oqimlarini muvofiqlashtiruvchi “Energiya” koordinatsion-dispetcherlik markazi (KDM) O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishtirokidagi pilot elektr energiyasi bozorini ishlab chiqish va ishga tushirish uchun konsalting kompaniyasini tanlashni boshladi. Arizalar 30-noyabrgacha qabul qilinadi, deyiladi markaz e’lonida.
Xaridlar rejasiga ko‘ra, shartnomaning taxminiy qiymati 2 million dollarni tashkil etadi.
Loyiha to‘rtta davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonni qamrab oladi. Uni amalga oshirish Jahon bankining mintaqaviy elektr energiyasi savdosini rivojlantirish va davlatlararo elektr tarmoqlarini mustahkamlashga qaratilgan Regional Electricity Market Interconnectivity and Trade (REMIT) dasturi doirasida moliyalashtiriladi.
Texnik topshiriqqa muvofiq, tanlangan kompaniya huquqiy va tashkiliy hujjatlarni tayyorlashi, elektron savdo platformasini, narxlarni aniqlash va ishtirokchilar o‘rtasida hisob-kitob qilish tizimini ishlab chiqishi, shuningdek, boshlang‘ich bosqichda bozor faoliyatini ta’minlashi kerak.
Ishlarni boshlash dastlabki tarzda 2027-yil may oyiga rejalashtirilgan. Tizimni ishlab chiqish va joriy etishga taxminan 18 oy ajratiladi, shundan so‘ng pudratchi uni yana ikki yil davomida ekspluatatsiya qilishi lozim. Shartnomani har yili uzaytirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, texnik topshiriqning batafsil jadvalida savdolar shartnoma tuzilganidan taxminan 20 oy o‘tgach boshlanishi nazarda tutilgan. Shunday qilib, dastlabki muddatlarga rioya qilingan taqdirda, pilot bozor 2028-yil oxiri — 2029-yil boshida ishga tushishi mumkin.
Birinchi bosqichda “bir sutka oldin” (Day-Ahead Market, DAM) bozorini yaratish rejalashtirilgan. Uning ishtirokchilari keyingi sutkaning muayyan soatlarida yetkazib berish sharti bilan elektr energiyasini sotib olish yoki sotish uchun buyurtmalar bera oladi.
Bunday tizim mamlakatlarga mavjud generatsiya quvvatlaridan yanada samarali foydalanish va qo‘shnilardan import qilish hisobiga qisqa muddatli elektr energiyasi taqchilligini qoplash imkonini berishi kutilmoqda.
Masalan, agar ma’lum soatlarda bir mamlakatda ortiqcha elektr energiyasi hosil bo‘lsa, uni mintaqaviy bozor ishtirokchilariga taklif qilish mumkin bo‘ladi. Quvvat yetishmovchiligini boshdan kechirayotgan boshqa davlat esa sotib olish uchun buyurtma bera oladi.
Uzoq muddatli davlatlararo shartnomalardan farqli o‘laroq, qisqa muddatli bozor keyingi sutkaga bo‘lgan ehtiyoj va mavjud elektr energiyasi hajmini hisobga olgan holda yetkazib berishni kelishish imkonini beradi.
Texnik topshiriqqa ko‘ra, avvalo, milliy bozorlar uchun zarur bo‘lgan hajmlar aniqlanadi. Shundan so‘ng ruxsat berilgan ishtirokchilar mintaqaviy bozorda ortiqcha elektr energiyasini taklif qilishlari yoki taqchillikni qoplash uchun buyurtmalar joylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
Bunda mamlakatlar o‘rtasidagi amaldagi ikki tomonlama kelishuvlar o‘z kuchida qoladi. Mintaqaviy savdo platformasi ularning o‘rnini bosishi emas, balki to‘ldirishi kerak.
Bozorning dastlabki ishtirokchilari sifatida milliy energetika kompaniyalari, elektr energiyasining yagona xaridorlari va tizim operatorlarini jalb etish ko‘zda tutilgan.
Qaysi tashkilotlar savdolarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishini har bir davlat mustaqil ravishda belgilaydi.
Yangi tizimning asosiy farqlaridan biri bozor narxlarini shakllantirish mexanizmi bo‘ladi. Texnik topshiriqda xaridorlar va sotuvchilarning buyurtmalarini solishtiradigan, bitimlar hajmini aniqlaydigan va elektr energiyasi narxini hisoblaydigan maxsus algoritmdan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Boshlang‘ich bosqichda savdo valyutasi sifatida AQSh dollari tanlangan. Narxlar megavatt-soat (MVt/soat) uchun dollarda belgilanishi rejalashtirilmoqda. Hisob-kitoblar uchun zonali model qo‘llanadi: har bir savdo zonasida narx talab, taklif va elektr tarmoqlari cheklovlariga qarab farq qilishi mumkin.
Algoritm davlatlararo elektr uzatish liniyalarining mavjud o‘tkazuvchanlik qobiliyatini, uzatishdagi yo‘qotishlarni va uchinchi davlatlar orqali tranzit qiymatini hisobga olishi kerak.
Har bir zona va har bir savdo oralig‘ida bajarilgan buyurtmalar uchun yagona hisob-kitob narxi mexanizmidan foydalanish ko‘zda tutilgan.
Natijada tizim qancha elektr energiyasi sotilishi yoki sotib olinishini, qanday narxda va qaysi davlatlararo tarmoqlar orqali uzatilishi mumkinligini avtomatik ravishda aniqlashi lozim.
Kelgusida savdo platformasiga yangi davlatlar, ishtirokchilar va bitim turlarini qo‘shish orqali uni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, sutka ichidagi bozor, muvozanatlovchi bozor va nisbatan uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha savdolarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Bu bitimlarni haqiqiy yetkazib berish vaqtiga yaqinroq muddatda tuzatish imkonini beradi, bu esa ishlab chiqarishi ob-havo sharoitiga bog‘liq bo‘lgan quyosh va shamol generatsiyasi ulushi ortib borayotgan sharoitda, ayniqsa, muhimdir.
Boshlang‘ich bosqichda mintaqaviy bozor operatori sifatida tanlangan xalqaro kompaniya ish olib boradi, u dasturiy ta’minotni taqdim etadi va xizmat ko‘rsatuvchi sifatida savdolar o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Loyihani muvofiqlashtirishni “Energiya” KDM amalga oshiradi — bu 2006-yildan beri Markaziy Osiyo energetika tizimlari ishini, jumladan, davlatlararo elektr energiyasi oqimlari va dispetcherlik boshqaruvini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan mintaqaviy tashkilotdir.
Kelgusida ishtirokchi davlatlar bozorni boshqarishning doimiy tashkiliy modelini belgilashlari kerak. Bu alohida mustaqil mintaqaviy operator yoki bozor operatori va energetika tizimlarini muvofiqlashtirish funksiyalarini birlashtirgan tuzilma bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, savdolar shaffofligini, ishtirokchilarning teng huquqli bo‘la olishini va qoidalarga rioya etilishini nazorat qilishni ta’minlashi kerak bo‘lgan bozor ustidan nazorat mexanizmini yaratish ham nazarda tutilgan.
Tanlangan maslahatchi ishtirokchilarni qo‘yish, buyurtmalar berish tartibi, hisob-kitoblarni o‘tkazish, moliyaviy ta’minot taqdim etish, nizolarni hal qilish va yetkazib berish shartlari buzilganda ko‘riladigan choralarni tartibga soluvchi hujjatlarni tayyorlashi kerak bo‘ladi.
Tizim ishlashi uchun buyurtmalar berish, narxlarni aniqlash, hisob-kitoblar, bozor monitoringi va elektr tarmoqlari cheklovlari to‘g‘risida axborot almashishning elektron modullari yaratiladi.
Platforma ingliz va rus tillarida ishlashi kerak. Kiberxavfsizlik, ma’lumotlarning zaxira nusxasini yaratish va tizimning texnik nosozliklarga chidamliligi bo‘yicha alohida talablar ko‘zda tutilgan.
Real savdolar boshlanishidan oldin pudratchi kamida ikki hafta davom etadigan sinovlarni o‘tkazishi lozim.
Test jarayonida ishtirokchilar har kuni buyurtmalar beradi va hisob-kitob natijalarini oladi, biroq ushbu bitimlar bo‘yicha elektr energiyasini jismoniy yetkazib berish va moliyaviy hisob-kitoblar amalga oshirilmaydi.
Tizimni ishlab chiqishdan tashqari, maslahatchi savdolarni o‘tkazadigan kamida 30 nafar mutaxassisni o‘qitishi, shuningdek, bo‘lajak bozor operatori xodimlarini tayyorlashi kerak.
Xizmat ko‘rsatish davri tugagandan so‘ng dasturiy platforma va undan foydalanish huquqlari buyurtmachiga yoki tashkil etilgan mintaqaviy operatorga o‘tishi lozim.
Texnik topshiriqda qayd etilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bir-birini to‘ldiruvchi energetika resurslariga ega.
Qirg‘iziston va Tojikistonda gidroenergetika muhim rol o‘ynasa, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston yirik issiqlik generatsiyasi quvvatlariga ega. Bundan tashqari, mintaqada quyosh va shamol elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish faol rivojlanmoqda.
Bunday tuzilma mavsum, sutka vaqti va generatsiya quvvatlarining mavjudligiga qarab elektr energiyasi almashinuvi uchun imkoniyat yaratadi. Biroq mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayapti.
Jahon banki baholashiga ko‘ra, transchegaraviy savdo Markaziy Osiyodagi elektr energiyasiga bo‘lgan umumiy talabning atigi 3 foizini ta’minlaydi. Loyihaning texnik topshirig‘ida, shuningdek, davlatlararo oqimlar mavjud tarmoqlar o‘tkazuvchanlik qobiliyatining taxminan 40 foizidan foydalanishi ta’kidlangan.
To‘siqlar qatorida milliy energetika bozorlari modellarining farqliligi, elektr tarmoqlari cheklovlari, qisqa muddatli savdoning yagona mexanizmi yo‘qligi va mamlakatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishning yetarli emasligi ko‘rsatilgan.
SSSR parchalanganidan so‘ng mintaqa davlatlari asosan o‘z energetika mustaqilligini ta’minlashga e’tibor qaratdi, bu esa davlatlararo elektr energiyasi savdosi hajmining qisqarishiga olib keldi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston energetika tizimlari hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi doirasida sinxron ishlashda davom etmoqda.
Istiqbolda mintaqaviy integratsiyani kengaytirish imkoniyatini Turkmaniston ham ko‘rib chiqmoqda. Biroq boshlang‘ich bosqichda pilot bozor to‘rtta mamlakatni qamrab oladi.
Jahon banki baholashicha, 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda elektr energiyasiga bo‘lgan talab uch barobar oshishi mumkin. Dastur mintaqaviy elektr energiyasi savdosi hajmini yiliga kamida 15 milliard kVt/soatgacha oshirish, davlatlararo tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 16 GVtgacha kengaytirish va 9 GVtgacha ekologik toza energetika quvvatlarini integratsiya qilish uchun sharoit yaratishni nazarda tutadi.
Birinchi bosqich uchun O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va “Energiya” markaziga grantlar va imtiyozli moliyalashtirish ko‘rinishida 143,2 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Gazeta yozganidek, hozirda mamlakatlar yetkazib berish bo‘yicha asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri kelishib oladi, ayniqsa, qishda. Umumiy maydoncha ishtirokchilarga muntazam ravishda buyurtmalar berish va elektr energiyasini savdolarda shakllanadigan narx bo‘yicha sotib olish imkonini beradi.
Manba: https://www.gazeta.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati