Yangiliklar
Ayni paytda elektr ta'minotida dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar uzbekistonmet.uz veb-sayti sahifalarida (iqtiboslar xronologik tartibda)
  • 01.07.2022
  • 682

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida:

✔️  DIQQAT!!! Qashqadaryo viloyati elektr taʼminotiga cheklovlar  davom etadi.

▶️  Tizimda quvvat yetishmasligi sababli, Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik xizmati” DUK  topshirig‘iga asosan "Milliy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan elektr taʼminotiga cheklovlar kiritilmoqda.  Shu bois Chiroqchi, Ko‘kdala, Koson, Nishon, Mirishkor, Qarshi, Gʻuzor va Qamashi tumanlariga elektr taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda.

✔️  Qashqadaryo viloyati elektr taʼminotiga cheklovlar kiritilmoqda

✔️  Viloyatimizning ayrim hududlari elektr energiyasi ta'minotida uzilishlar  kuzatilmoqda

▶️   KMZ 1, KMZ 2, Markaziy 1, Markaziy 2 va Hilol liniyalariga 28 yanvar 10:20 dan Milliy elektr tarmoqlari AJ milliy dispetcherlik xizmati tomonidan cheklov kiritildi. Shu bois Qarshi shahri, Qarshi, Kasbi, Mirishkor tumanlarida elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

uzbekistonmet.uz  veb-sayti  sahifalarida masalaga taalluqli maqola va ma'lumotnomalardan iqtiboslar:

“...Agar iste'molchilar elektr energiya tizimidagi barcha resurslardan oqilona foydalanmasa va bu orqali energotizimda muvozanat ta'minlanmasa, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tashkilotlarining dispetcherlari o‘z faoliyatidagi tartibga muvofiq cheklovlar o‘rnatadi. Agar bu muvozanat hududiy nazoratchilar tomonidan amalga oshirilmasa, ya'ni ma'lum jadvalga asosan cheklovlar o‘rnatish orqali muvozanat saqlay olinmasa yoki ular tomonidan markaziy dispetcherlik boshqaruvi ko‘rsatmalariga amal qilinmasa, energotizim xavfsizligini ta'minlash nuqtai nazaridan yuqori kuchlanishli elektr liniyalari tarmoqdan vaqtincha uzib qo‘yiladi. Aniqrog‘i, bunday amaliyot qo‘llanilishiga majbur bo‘linadi. Agar hududiy dispetcherlar ma'lum jadval tartibiga asosan, tegishli texnik-muhandislik qoidalariga binoan past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energotizim balansini ta'minlasa (0,4 kV, 6-10 kV), markaziy dispetcherlik boshqaruvida favqulotda qaror qabul qilinishiga hojat bo‘lmaydi.”

26.11.2019DISPETCHER ELEKTR TA'MINOTINI UZMASA NIMA BO‘LADI? YOXUD TIZIMIDAGI YIRIK AVARIYALARNING ASOSIY SABABLARI (Eso Sadullaev, texnika fanlari nomzodi)

  “...Murojaatingizda elektr ta'minotidagi cheklovlar aynan energoresurslarga ehtiyoj ortgan paytda (tonggi nonushta va kechki dam olish paytida) amalga oshirilayotgani haqida yozibsiz... Sizga shuni ma'lum qilamizki, odatda aynan ertalabki 5:00 dan 9:00 gacha va kechki 18:00 dan keyin kunlik o‘rtacha iste'molning eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etiladi.
    Buni oddiy so‘z bilan ifodalasak, kunning ma'lum bir paytida elektr ta'minotiga bo‘lgan talab keskin ortishi oqibatida elektr jihozlari va uskunalarida favqulodda avariya yoki yong‘inlar sodir bo‘lmasligining oldi olinib, ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi balansni ta'minlash maqsadida, mahalliy dispetcherlar tomonidan ma'lum ma'nodagi cheklovlar o‘rnatilishiga majbur bo‘linadi.
     Agar kichikroq hudud doirasida turli sabablarga ko‘ra ta'minot balansini saqlay olish imkoni bo‘lmasa, energotizim barqarorligini ta'minlovchi himoya vositalari ishlashi oqibatida kattaroq hudud doirasida uzilishlar sodir bo‘ladi.”

24.01.2020  — MUROJAAT MAZMUNI: «NEGA AYNAN NONUSHTA VA KEChKI OVQAT PAYTI CHIROQ O‘CHADI?»

  “...Kelgusida shunga o‘xshash holatlarning oldini olish maqsadida toifalangan ob'ektlar elektr jihozlarini, xususan suv nasoslarini ham barcha texnik-muhandislik talablarga mos ravishda — soz holatda ekspluatatsiya qilish maqsadga muvofiq. Tushunarli bo‘lishi uchun misol tariqasida shuni aytishimiz mumkinki, agar elektr ta'minotidagi xavfsizlik shartlari: avariyaviy o‘chish va avtomatik qayta ulanish jarayonida suv nasoslarida turli nosozliklar kelib chiqaverganida, suv ta'minoti jarayonida beqaror vaziyat yuzaga kelishi sodir bo‘lar edi.”

03.08.2020  — RASMIY MUNOSABAT: ELEKTR JIHOZLARINI TEXNIK-MUHANDISLIK TALABLARIGA MOS RAVISHDA EKSPLUATATSIYA QILISH MUHIM

  “...Amalimiz va so‘zimiz orasidagi tafovut, tejamkorlik, oqilona foydalanish zaruriyatini bila turib amal qilmasligimiz — og‘riqli masala. Axir mehnatkash xalqimizda isrof qilmaslik borasida dono naql va tushunchalarimiz bor. Samara va tejam haqida gap ketganda, tashkilotimiz rahbari bir iborani, xalqimiz orasida ma'lum va mashhur bir jumlani ko‘p ishlatadi va bu naql mavzuning mazmun-mohiyatini bir lahzada ochib berganday: «Dengiz sohilida tahorat olsang ham suvni keragidan ortiq ishlatma!»”

12.11.2020TONGNI YORITGAN CHIROQLAR JILOSI YOXUD ELEKTR ENERGIYASI TEJAMKORLIGI VA SAMARADORLIGI QURUQ GAPMI?

  “...Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo‘lmaydi. Ishlab chiqarildimi, darhol iste'mol qilinishi kerak. Ya'ni biz uni qaerdadir yashirib saqlab qo‘ya olmaymiz. Jaydari til bilan aytganda, “svet” o‘chganda ko‘pchilik hududiy elektr tarmoqlari operatorini so‘kadi. Ammo ularda ayb yo‘q, aslida yo‘q narsani ular topib bera olishmaydi. Sovuq kunlarda iste'mol karrasiga oshadi, bizning aksariyat uylarimiz, binolarimizda isitish qoloq darajada. Hamma elektr isitkichlarni yoqadi, yuklama keskin ortadi. Bu esa tizimning dosh bera olmasligiga olib keladi.”

23.11.2020  — ENERGETIKA VAZIRI O‘RINBOSARI: “SVET” O‘CHGANDA HUDUDIY DISPETCHERNI SO‘KISH TO‘G‘RI EMAS, U YO‘Q NARSANI BERA OLMAYDI”

  “...Yuqoridagi fikrlardan shunday mantiqiy xulosa chiqadiki, elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'mol qilish o‘rtasida energiya balansi (!) muntazam ravishda ta'minlanishi lozim. Texnik-muhandislik shartlariga ko‘ra tizimda ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash — tizim ishonchli faoliyatining kafolati hisoblanadi.
Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi va taqsimlovchi tashkilotlar elektr ta'minoti uzilishidan manfaatdor emas. Aksincha, iste'molchilarga yetkazib berilmagan energoresurslar ishlab chiqarishda «yo‘qotilgan foyda» hisoblanadi.”

01.12.2020AOKAda brifing: «ENERGOTIZIMDA MUVOZANATNI SAQLASH — KECHIKTIRIB BO‘LMAS USTUVOR VAZIFA»

  “...Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ayni kunlarda “Qashqadaryo HETK” AJ bo‘yicha joriy rejimlarda yuqori kuchlanishli ta'minlovchi tarmoqlar orqali cheklovlar kiritilish holatlari mavjud emas.
 Elektr energiyasi tanqisligi  yuz bergan holatlarda ta'minlovchi tarmoqlar va energetika tizimi turg‘unligini ta'minlash maqsadida “Qashqadaryo HETK” AJ mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda, jadvallar asosida iste'molni shartnomaviy miqdor doirasida ta'minlab berishi talab etiladi.”

28.01.2021MAHALLIY OAV — ELEKTRON NASHRLARIDA E'LON QILINGAN AYRIM XABARLARGA JAVOBAN “O‘ZBEKISTON MET” AJ AXBOROT XIZMATI MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZI MA'LUMOTLARIGA TAYANIB XABAR BERADI

  “...Bu raqamlar yuqori kuchlanishli podstansiya va tarmoqlarda birorta muammo va kamchiliklar qolmadi, degani emas, albatta. Yildan-yilga, mavsumdan-mavsumga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun hali ko‘plab elektr qurilma va jihozlar yangilanishi, muhimi — to‘g‘ri ekspluatatsiya etilishi, zamonaviy, ixcham, raqamli texnologiyalar asosida ishlaydiganlariga almashtirilishi lozim.
 Qariyb chorak asr davomida deyarli yangilanmagan yuqori kuchlanishli elektr uskunalari oxirgi 4-5 yilda, investitsion loyihalar doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan yangilanib, yangi-yangi elektr ob'ektlari qurilmoqda. Ammo bular hali rivojlanayotgan Yangi O‘zbekiston uchun yetarli emas...”

13.08.2021«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: ELEKTR TA'MINOTI TIZIMINING BARQAROR FAOLIYATI — TADBIRKORLIKNI QO‘LLAB-QUVVATLASH BO‘YICHA OLIB BORILAYOTGAN ISLOHOTLARNING TAYANChI HISOBLANADI

  “...Faraz uchun, O‘zbekistonda bir kunda ? 24 soat davomida 1 milliard 438 million 095 ming 238 dona chiroq yonib turadi...”

19.11.2021TAQRIBIY TAQQOSLASH: O‘ZBEKISTONDA BIR KUNDA QANCHA ELEKTR ENERGIYASI ISTE'MOL QILINADI?

  “...Bundan tashqari, yirik nosozliklar sodir bo‘lishiga nafaqat noqulay ob-havo, shuningdek, elektr tarmoqlarida xizmat qilayotgan ayrim ishchi-xodimlarning noto‘g‘ri xatti-harakatlari, malakasizligi ham sababchi bo‘lishi mumkin. Misol uchun, 1998 yil 8 dekabr kuni AQShning San-Fransisko shahrida 940 ming nafar aholisi elektr ta'minotisiz qolishiga mahalliy podstansiya ishchisining birgina xatosi sababchi bo‘lgan.”

07.12.2021  — ELEKTR TA'MINOTINING TEXNIK VA MUHANDISLIK SHARTLARI: DUNYO ELEKTR ENERGETIKASIDAGI YIRIK AVARIYALAR VA ULARNING OQIBATLARI

  “...Darvoqye, Markaziy Osiyo va Janubiy Qozog‘iston yagona energiya tizimi butun MDH davlatlaridagi kabi 50 ± 0,05 Gts darajadagi chastotada ishlaydi va bu texnik ko‘rsatkich Sobiq Ittifoq davrida yaratilgan me'yor hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichni har daqiqa rostlar (me'yorlashtirib) turish mushkul masala, ayniqsa O‘zbekiston energetika tizimiga o‘xshash issiqlik elektr stansiyalarining ulushi katta bo‘lgan mamlakat uchun.
Yana bir muhim omil shundaki, har qanday energetika tizimi iqtisodiy foydani ko‘zlaydi, ya'ni o‘z mahsulotini — elektr energiyasini qo‘shni yoki mintaqaning boshqa mamlakatlarga eksport qilishi yoki aksincha, arzonroq bo‘lsa, qo‘shnilardan xarid qilish samaradorligiga intiladi. Demakki, bu ham texnik-muhandislik, ham tuzatish-sozlash, ham suv va qazilma resurslardan oqilona foydalanish, ham moliyaviy foyda nuqtai nazaridan samarali.”

28.01.2022MARKAZIY OSIYO ELEKTR ENERGETIKA YAGONA TIZIMI NIMA?

  “...Elektr uskunalarda dispetcherlik boshqaruvi tezkorligini ta'minlash maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibidagi korxonalar va “O‘zbekgidroenergo” AJ tasarrufida bo‘lgan 110-500 kV kuchlanishli taqsimlovchi qurilmalar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tasarrufiga balans qiymati bo‘yicha shtat birliklari bilan birga o‘tkaziladi.”  

09.02.2022  — IKKITA TURDOSH TASHKILOT TASARRUFIDAGI QURILMALAR “O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ BALANSIGA O‘TKAZILADI

  “...Sariosiyodagi 5-fider eng katta liniya bu. Bizning mahalla ham shu fiderda. Liniya katta bo‘lgandan keyin muammo ham shunga yarasha... Mahalladan 100 metr yuqoridagi Sharg‘unning boshqa ko‘chalari elektr bor, ularda tok deyarli o‘chmaydi. Aynan bizda tok yo‘q payti ularda bor, umuman o‘chmaydi.
Hurmatli ma'sullar, bu yillar davomida yig‘ilgan muammoga hyech kim e'tibor bermaydi, lekin jon-jondan o‘tib ketdi-ku — aynan bizning mahallada tok o‘chishi yoki sifatsiz uzatilishi! Ba'zan shunaqangi o‘chib yonaveradiki (tez-tez), uydagi jihozlar kuyib qolmasmikan, deb xavotirga tushamiz.
Tushunib turibman, yana “shablon” javob berasizlar... Murojaat ham foydasiz, yopib tashlaysizlar. Lekin insof qilinglar, muammoni yashirish bilan hal qilib bo‘lmaydi! Uni bartaraf etish kerak. Bizning mahallani 5-fiderdan ajratib, barqaror elektr ta'minoti keladigan liniya qilib beringlar!”

07.03.2022MUROJAATCHI: «TUSHUNIB TURIBMAN, YANA “SHABLON” JAVOB BERASIZLAR... MUROJAAT HAM FOYDASIZ, YOPIB TASHLAYSIZLAR. LEKIN INSOF QILINGLAR, MUAMMONI YASHIRISH BILAN HAL QILIB BO‘LMAYDI!»

  “...Qayd etilishicha, komissiya avariyaga O‘zbekiston energetika tizimi elektr ta'minotidagi uzilish sabab bo‘lganini aniqlagan. Shu kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:59 da Sirdaryo IESning 500 kV kuchlanishli «Toshkent» podstansiyasi bilan bog‘lovchi 500 kV liniyasining ajratgichida (yacheykasida) qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.”

16.03.2022  — OAV: «DAVLATLARARO KOMISSIYA YANVARDAGI BLEKAUTGA O‘ZBEKISTONDAGI UZILISH SABAB BO‘LGANINI MA'LUM QILDI»

  “...Bundan tashqari, noqulay ob-havo, kuchli shamol va yomg‘ir paytida elektr tarmoqlarida sodir bo‘lgan qisqa tutashuvlar tufayli elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilishi mumkin. Agar elektr tarmoqlari va podstansiyalar, transformator punktlari o‘z vaqtida, sifatli ekspluatatsiya qilinsa, noqulay ob-havoda elektr ta'minotida uzilishlar kam kuzatilishi lozimligi to‘g‘ri. Ammo simyog‘och va boshqa elektr qurilma hamda uskunalariga mutaxassislardan tashqari shaxslar tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar, ulanishlar va boshqa texnik-muhandislik shartlariga rioya qilinmagan holda tashqi ta'sirlar ko‘rsatilsa, bu ham nosozliklar ko‘plab kuzatilishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun, mahalla fuqarolari yig‘ini hududidagi elektr ta'minoti qurilmalari faqat mutaxassislarga murojaat qilish orqali sozlab-ta'mirlanishi lozim.”

28.03.2022MUROJAATCHI: «BIZDA KUNORA ELEKTR UZILISHLARI RO‘Y BERADI. BU HOLAT QACHONGACHA DAVOM ETADI? CHAQALOG‘IM BOR...»  

  “...Mart oyi davomida elektr energiyasiga bo‘lgan talab yuqori bo‘lganligi hamda issiqlik elektr stansiyalar yoqilg‘i ta'minotida bir qator muammolar yuzaga kelganligi sababli energotizimdagi keng ko‘lamli avariyaviy holatlarni oldini olish maqsadida respublika miqyosida elektr energiyasi iste'moliga cheklovlar kiritilishga majbur bo‘lindi. Bunda “Qashqadaryo HETK” AJ tomonidan yuqori turgan dispetcherlik markazlarini topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlamaganliklari sababli energotizimda avariyaga qarshi avtomatikaning ishlashi yoki 110 kV ta'minlash tarmoqlaridan iste'molchilarni tartibsiz uzilishiga sabab bo‘ldi. Aytib o‘tish joizki, dispetcherlik intizomining bu tartibdagi buzilishi energetika tizimida og‘ir oqibatli, yirik avariyali holatlarga olib kelishi mumkin.”

29.03.2022MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZI: «DISPETCHERLIK INTIZOMINING BU TARTIBDAGI BUZILISHI ENERGETIKA TIZIMIDA OG‘IR OQIBATLI, YIRIK AVARIYALI HOLATLARGA OLIB KELISHI MUMKIN!»

  “...Markaz Energetika vazirligi tuzilmasiga kiradi. Energetika vazirligi Markazning muassisi hisoblanadi. Uning tarkibiy tuzilmasiga kiruvchi mintaqaviy boshqarma va hududiy bo‘limlar o‘z faoliyatini Markaz tomonidan ishlab chiqiladigan va Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan hujjatlar asosida amalga oshiradi.”

16.06.2022ENERGETIKA VAZIRLIGI HUZURIDA «MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZI» DAVLAT UNITAR KORXONASI TASHKIL ETILIB, MARKAZ FAOLIYATINING NIZOMI TASDIQLANDI

  “...Toshkent ETKning eslatishicha, yuqori havo haroratida ortiqcha yuklama bilan ishlovchi elektr tarmoqlarida qisqa tutashuv yuzaga kelishi ehtimoli ortadi. Shu bois, mutaxassislarni jalb qilgan holda xonadonlarda tortilgan elektr simlarining yaroqliligini, elektr energiyasining ulanish nuqtalari to‘g‘ri izolyasiya qilinganini tekshirish tavsiya qilindi.”

30.06.2022  — TOSHKENTDA ELEKTR TA'MINOTIDAGI UZILISHLARGA IZOH BERILDI

Veb-sahifaTelegram  ‖ FacebookInstagramTwitterUtubeYoutube

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>